AsosiyDunyo

Irlandiya aholisiga koronavirus tufayli o`z uylaridan 5 kilometrdan ortiq uzoqlashish taqiqlandi

'Irlandiya aholisiga koronavirus tufayli o`z uylaridan 5 kilometrdan ortiq uzoqlashish taqiqlandi'ning rasmi

Irlandiya hukumati koronavirus infeksiyasi tarqalishi tufayli yangi qat`iy cheklov choralarini joriy qildi, deb xabar bermoqda Meduza.

The Irish Times nashrining yozishicha, olti hafta davomida — 21 oktyabrdan 1 dekabrgacha Irlandiya aholisiga o`z uylaridan 5 kilometr radiusda qolish majburiyati yuklandi. Fuqarolar ishga yoki kasalxonaga borishi kerak bo`lsagina uzoqroq masofaga chiqishi mumkin. Qolgan holatlarda jarima ko`zda tutilgan.

Yolg`iz yashaydigan yoki farzandlarini yolg`iz katta qilayotgan odamlarga boshqa oilalar bilan birlashishga ruxsat beriladi. Bundan tashqari, barcha fuqarolarga boshqa uy xo`jaliklari vakillari bilan uchrashish mumkin, ammo faqat ochiq havoda.

Barlar, restoranlar va kafelar faqat olib ketish uchun taom va ichimliklarni sotadi. Ko`pchilik do`konlar yopiladi, faqat eng zarur mahsulotlar bilan savdo qiladiganlari ishlashda davom etadi. To`ylar va dafn marosimlarida qatnashadigan odamlar soni cheklanadi.

Shu bilan birga, Irlandiyada maktablar, bolalar bog`chalari, qurilish va ishlab chiqarish kompaniyalari o`z ishini davom ettiradi.

14 oktyabrdan boshlab Irlandiyada har kuni COVID-19’ga chalinish bilan bog`liq mingdan ortiq holat qayd etilmoqda, bu 10 apreldagi avj nuqta (bir kecha-kunduzda 1515 ta holat)ga yaqindir.

Prognozlarga ko`ra, olti haftalik lokdaundan keyin Irlandiyada dekabr o`rtalariga kelib, yangi holatlar soni kuniga 50-100 tagacha kamayadi, karantin choralarisiz esa sutkasiga 1000 ta holat darajasida qoladi.

Irlandiyada jami 51 ming kishida virus aniqlangan, ulardan 1852 nafari vafot etgan, 23 mingdan ziyod kishi sog`aygan.

Boshqa yangiliklar