AsosiyJamiyat

Jahon minbarlarida yangragan tilim: 21 oktyabr — O`zbek tili bayrami kuni

'Jahon minbarlarida yangragan tilim: 21 oktyabr — O`zbek tili bayrami kuni'ning rasmi

1989 yil 21 oktyabr. “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilinib, o`zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Xalqimizning muqaddas qadriyatlaridan biri bo`lgan ona tilimiz o`zining qonuniy maqomi va himoyasiga ega bo`ldi. O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo`yilgan. Shu tariqa o`zbek tili mustaqil davlatimizning Bayrog`i, Gerbi, Madhiyasi qatorida turadigan, qonun yo`li bilan himoya qilinadigan muqaddas davlat ramziga aylandi. 

2019 yil 21 oktyabrda o`zbek tiliga Davlat tili maqomi berilganining 30 yilligi munosabati bilan O`zbekiston Prezidentining "O`zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to`g`risida"gi Farmoni e`lon qilindi. Mazkur tarixiy hujjat bilan o`zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun — 21 oktyabr sanasini "O`zbek tili bayrami kuni" deb e`lon qilish to`g`risida taklif berildi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi.

2020 yil 10 aprel kuni “O`zbek tili bayrami kunini belgilash to`g`risida”gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi.

Qonunga muvofiq, 21 oktyabr O`zbek tili bayrami kuni etib belgilandi.

Shuningdek, O`zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoev joriy yil 23 sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi etmish beshinchi yubiley sessiyasidagi chiqishida mustaqil O`zbekiston tarixida ilk marta davlat tili – o`zbek tilida nutq so`zladi

Joriy yilda ilk bor "Qadring baland bo`lsin ona tilim" xalqaro tanlovi o`tkazildi. Bir necha kun avval ushbu nufuzli tanlov g`oliblari tantanali tarzda taqdirlandi. Kuni kecha Shavkat Mirziyoev «Mamlakatimizda o`zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi yana bir tarixiy Farmonni imzoladi. Farmon bilan 2020–2030 yillarda o`zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi hamda asosiy yo`nalishlari tasdiqlandi.

    Boshqa yangiliklar