AsosiyJamiyat

O`zbekistonda 2020 yilda etishtirilgan paxta xomashyosining minimal narxlari belgilandi

'O`zbekistonda 2020 yilda etishtirilgan paxta xomashyosining minimal narxlari belgilandi'ning rasmi

O`zbekistonda 2020 yilda etishtirilgan paxta xomashyosining minimal narxlari belgilandi.Bu haqda Qishloq xo`jaligi vazirligi Axborot xizmati xabar berdi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 martdagi PQ–4633-son “Paxtachilik sohasida bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaroriga muvofiq, O`zbekiston Respublikasi Qishloq xo`jaligi vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish vazirligi, O`zbekiston fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalari kengashi va “O`zto`qimachiliksanoat” uyushmasiga jahon bozori narxlari tahlilidan kelib chiqib, paxta xomashyosining minimal narxlarini e`lon qilib borish vazifasi yuklatilgan.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 5 maydagi PF-5989-son “To`qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini qo`llab-quvvatlashga doir kechiktirib bo`lmaydigan chora-tadbirlar to`g`risida”gi Farmoniga muvofiq mahalliy ishlab chiqarilgan bazaviy sifatdagi paxta tolasining boshlang`ich narxi Nyu-York tovar birjasining eng yaqin etkazib berish oyi uchun fyuchers kotirovkasi qiymatidan kelib chiqqan holda belgilanishi qayd etilgan.

Joriy yilning 23 oktyabr holatiga Nyu-York tovar birjasi yanvar-oktyabr oylarida 1 tonna paxta tolasining (Strict Low Middling) o`rtacha fyuchers kotirovkalari AQShning (Galveston, Xyuston, (Texas shtati), Memfis (Tennesi shtati), Yangi Orlean (Luiziana shtati)) portlariga etkazib berish sharti bilan 1375,7 AQSh dollarini tashkil etdi. 

Jahon bozorida shakllangan narxlar, paxta-to`qimachilik klasterlari, kooperasiyalar va fermer xo`jaliklarining, yuqorida qayd etilgan qarorga muvofiq mas`ul etib belgilangan vazirlik va idoralarning takliflarini, shuningdek, paxta xomashyosini qayta ishlash, logistika va boshqa taalluqli xarajatlarni inobatga olgan holda O`zbekiston Respublikasi Qishloq xo`jaligi vazirligi O`zbekistonda etishtirilgan to`rtinchi tip ikkinchi nav birinchi sinf 1 tonna paxta xomashyosining minimal narxi qo`shilgan qiymat solig`i bilan birga 4522,5 ming so`mni tashkil etganligini e`lon qiladi.

Ushbu minimal narxdan kelib chiqqan holda, paxta xomashyosini etishtiruvchi va uni qabul qiluvchi sub`ektlar shartnomaviy munosabatlar doirasida boshqa yuqori yoki past navli va sinfli paxta xomashyosining narxlarini o`zaro manfaatli kelishuv asosida mustaqil ravishda belgilashadi. 

 

 
  

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar