Nobel mukofoti laureatlari tadqiqot natijalarini O`zbekistonda qo`llash: Toshkent viloyatining Bo`ka va Chinoz tumanlarida eksperiment o`tkazilmoqda. Jahonning ilg`or mamlakatlari tajribasi, A.Banerji, E.Dyuflo va M.Kremer (2019 yil Nobel mukofoti laureatlari) kambag`allikni qisqartirish bo`yicha tadqiqot natijalari asosida respublikaning vazirlik va idoralar mutaxassislaridan iborat ishchi guruh tuzilib, ular tomonidan Toshkent viloyatining Bo`ka va Chinoz tumanlarida kambag`al va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar samaradorligini baholash maqsadida joylarga chiqib eksperiment kuzatuvlari o`tkazildi. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish vazirligi axborot xizmati xabar berishicha, ishchi guruhi a`zolari 8 kun davomida Bo`ka tumanidagi barcha mahallalarda 10-12 tadan jami 504 ta, Chinoz tumanidagi barcha mahallalarda 10-12 tadan jami 648 ta, umumiy hisobda 1152 ta uy xo`jaliklarida kuzatuvlarni amalga oshirdi. Kuzatuvlar davomida uy xo`jaliklari tarkibi, yashash sharoitlari, iste`mol xarajatlari, real daromadlari, uzoq muddat foydalanadigan vositalari, uy xo`jaligi a`zolarining moddiy ne`matlar va ijtimoiy xizmatlardan foydalana olish imkoniyatlari, jumladan, bepul tibbiy xizmatdan foydalanishi, farzandlarining ta`lim olishi sifati, moddiy qo`llab-quvvatlash hamda tadbirkorlik tashabbuslari o`rganildi. Shuningdek, ehtiyojmand oilalar farzandlarining yoshiga nisbatan bo`yi, vazni o`lchandi hamda darslarni o`zlashtirishi o`rganildi. Psixologlar tomonidan ehtiyojmand oila a`zolari bilan individual suhbatlar o`tkazilib, ularning psixologik portretini shakllantirish va kambag`allikdan chiqarish bo`yicha ruhiy rag`batlantirish ishlari amalga oshirildi. Kuzatuvlar yakuni bo`yicha olingan ma`lumotlar asosida O`zbekistonda kambag`allik chegarasini aniqlash, “yashash minimumi” va “iste`mol savatchisi” bo`yicha hisob-kitob ishlarini yakuniga etkazish, aholining bazaviy iste`mol xarajatlari va kambag`allik chegarasi mezonini hisoblashni amaliyotga joriy etish hamda respublikada kambag`allikni qisqartirishga yo`naltirilgan strategik chora-tadbirlarni ishlab chiqishda foydalanish rejalashtirilgan. |
28.10.2020 20:17
O`zbekistonda «Nobel» sovrindorlari tadqiqoti asosida eksperiment o`tkazilmoqda
