1

Xo`rlangan kelin

Jinoyat 12.01.2016, 12:12
Xo`rlangan kelin

Yurtboshimiz ta`kidlaganlaridek, "Oilaviy tarbiya masalasida xatoga yo`l qo`y­maslik uchun avvalo har qaysi xonadondagi ma`naviy iqlimni o`zaro hurmat, axloq-odob, insoniy munosabatlar asosiga qurish ayni muddao bo`lur edi". Jamiyatda qabul qilingan axloq me`yorlarini pisand qilmay, oilaviy nizolar keltirib chiqarayotganlar ham afsuski uchrab turibdi. Shundaylardan biri Chorievlar oilasidir. Oila bekasi Adiba Chorievaning salbiy xulqi oiladagi muhitga o`z ta`sirini o`tkazdi.

Badxulq qaynona nayranglari

U qarindoshlik rishtalarini yanada mustahkamlashni niyat qilib o`g`li Dostonni bir yosh katta bo`lishiga qaramay, jiyani Sayyora Yarashevaga uylantirishga ahd qildi. 2009 yilning kuz oyida ular turmush qurishdi. Yuqorida ta`kidlanganidek, Adiba Chorievaning salbiy xulqi bois hali kelinlik libosini echishga ulgurmagan Sayyora turli bahona va sabablar bilan kamsitila boshlandi. U o`g`liga oilada er xotinga nisbatan qattiqqo`l bo`lishi kerakligini ta`kidlar ekan, onasining gapini ikki qilmaydigan farzand jufti halolini arzimagan bahonalar bilan so`kadigan, hatto qo`l ko`tarib, uradigan bo`ldi. Onaning "pand-nasihatlari" tufayli ular o`rtasida tez-tez kelishmovchiliklar paydo bo`lib, muqaddas oila devorlari nuray boshladi. Qaynona esa ikki yosh o`rtasidagi nizolarni bartaraf etish, ularning turmushini mustahkamlash o`rniga kelinini ro`zg`or yumushlarini bajara olmasligini ro`kach qila-qila, hatto uning homilador bo`lishiga ham qaramay, o`g`li Doston bilan birgalikda muttasil ravishda kamsitib, ha­qoratlab, kaltaklashga bosh-qosh bo`ladi.

Homiladorligiga ham qaramay...

Achinarlisi, Adiba Chorieva homiladorlik davrining o`ziga yarasha og`irliklari bo`lishini yaxshi bilsa-da, kelinini ro`zg`or yumushlari bilan ortiqcha urintirmaslik o`rniga, xo`rlab keladi. Oxir-oqibat qaynona va er tomonidan o`tkazilgan tazyiq va kaltaklar homilaga o`z ta`sirini o`tkazadi. Doston Choriev hamda Sayyora Yarashevalarning o`zaro turmushidan 2012 yil yanvar oyida nuqsonli farzand tug`ilib, 3 oygina hayot kechirdi. Eri va qaynonasi tomonidan xo`rlanishi etmaganday, qalbining bir parchasi bo`lmish farzandining hayotdan ko`z yumishi Sayyoraga ruhan qattiq ta`sir etdi. Buni qarangki, shunday og`ir damda ona-bola Sayyoraga dalda bo`lish o`rniga, uni bolaning o`limida ayblab, kamsitib, kaltaklab, turli darajadagi tan jarohatlari etkazishdi.

Azoblardan qutulishning “birdan-bir yo`li”

Xo`rlanish va kaltaklanishlarga chiday olmagan Sayyora nazarida o`zini osibgina bularning barchasidan qutulish mumkinligini o`ylab, joniga qasd qiladi.

Sudda sudlanuvchi Doston Choriev aybiga iqror bo`lgan holda, g`arazli, past niyatlar zamirida bunday qilmishga qo`l urganligini ta`kidladi. U O`zbekiston Rsepublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybdor deb topilib, sud tomonidan belgilangan muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Adiba Chorieva esa yurtimizdagi insonparvarlik tamoyillariga binoan, amnistiya aktiga ko`ra jazodan ozod etildi. O`ylaymizki, A.Chorieva bunday bag`rikenglikdan hamda o`ylamay qilgan ishlari tufayli oilaga kulfat keltirganidan o`ziga tegishli xulosa chiqarib oladi.

Alisher ShOKIROV, 

Bosh prokuratura boshqarma katta prokurori

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1