AsosiyJamiyat

2015 yilda 50 mingga yaqin diniy materialning noqonuniy olib o`tilishiga chek qo`yildi

2015 yilda bojxonachilar hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari tomonidan 1200 dan ziyod bojxona qoidabuzarligi aniqlangan, 50 mingga yaqin diniy materialning noqonuniy olib o`tilishiga chek qo`yilgan, bu haqda O`zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo`mitasidan ma`lum qilishdi.

Axborot texnologiyalari jadal rivojlanishi bilan diniy mazmundagi adabiyotlar, foto va videomateriallarni mobil telefonlari, noutbuk va turli xotira qurilmalari orqali olib kirishga urinish holatlari ko`paymoqda.

Masalan, fuqaro M.Nosirova (ism-sharifi o`zgartirilgan) nomiga xorijdan yuborilgan pochta jo`natmasi bojxona nazoratidan o`tkazilganda buyumlar orasiga yashirilgan tashqi xotira qurilmasida diniy mazmundagi va zo`ravonlikni targ`ib qiluvchi hujjatli filmlar borligi aniqlangan. 

Poytaxtimizning “Keles” temir yo`l chegara bojxona postida Moskva-Toshkent poezdi yo`lovchisi F.Bekmatovning yuklari bojxona nazoratidan o`tkazilganda, undagi mobil telefonda diniy ekstremistik va terrorizmni targ`ib qiluvchi fotosuratlar aniqlangan. Ufa-Toshkent poezdi yo`lovchisi Sh.Odilovning mobil telefoni xotirasida ham diniy mazmundagi, shafqatsizlikni targ`ib qiluvchi videofayllar borligi ma`lum bo`lgan. 

“Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan ham diniy mazmundagi materiallarni noqonuniy ravishda olib kirishga bo`lgan urinishlarning oldi olinmoqda. Ufa-Toshkent yo`nalishi bo`yicha parvozini yakunlagan I.Hamidovning qo`l telefoni bojxona ko`rigidan o`tkazilganda 10 dona, M.Salimovning uyali aloqa vositasi xotirasida 30 dona diniy mazmundagi ma`ruza borligi aniqlangan. Bunday materiallar xorijiy davlatlardan qaytgan qator shaxslar mobil qurilmalarida topilgan. 

Hozirgi kunda ushbu holatlar yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. 

 

    Boshqa yangiliklar