AsosiyJamiyat

«O`zgidromet» maoshlar kamligi va kadrlar sohadan ketib qolayotganini ma`lum qildi

'«O`zgidromet» maoshlar kamligi va kadrlar sohadan ketib qolayotganini ma`lum qildi'ning rasmi

O`zbekiston Gidrometeorologiya xizmati samarali faoliyat yuritishi uchun oylik maoshlarining kamligi va malakali kadrlarning ketib qolishi kabi masalalarni zudlik bilan hal etish lozim. Bu haqda «O`zgidromet» tomonidan e`lon qilingan xabarda so`z boradi, deya yozmoqda effect.uz.

Gidrometeoxizmat nafaqat iqtisodiyotning qishloq xo`jaligi, aviasiya kabi ko`plab tarmoqlarining faoliyati, balki davlat xavfsizligiga bog`liq ish. Uning ishi inson hayoti va mulkini himoya qilish, atrof-muhitni monitoringlash va muhofaza qilish, barqaror iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanish, mamlakatimiz fuqarolari hayotining farovonligini oshirishga yo`naltirilgan mamlakat iqtisodiyoti xavfsizligini ta`minlash bilan uzviy bog`liq.

O`zbekiston Gidrometeorologiya xizmati markazi respublikada gidrometeorologiya va atrof tabiiy muhit ifloslanishi holatini kuzatish sohasidagi masalalarni hal etish uchun maxsus vakolatli organ hisoblanadi va mamlakat rahbariyati, davlat va xo`jalik organlari, Qurolli kuchlar va aholini gidrometeorologik ma`lumotlar va atrof-muhit ifloslanishi to`g`risidagi ma`lumotlar bilan ta`minlaydi.

Bundan tashqari, O`zbekistonda AES qurilishi loyihasi uchun hujjatlar tayyorlashda meteorologik va ekologik kuzatuvlar o`tkazishda ishtirok etib kelmoqda.

Bugungi kunda O`zbekiston hududida 85 ta meteorologik stansiya, 33 ta agrometeorologik post, 133 ta gidrologik post, 9 ta ko`l stansiyasi, 12 ta aviameteorologik stansiya va 63 ta atrof-muhitning ifloslanishini kuzatuvchi punkt faoliyat ko`rsatmoqda.

“Hatto koronavirus pandemiyasi davrida gidrometeorologik ma`lumotlarni olish bilan bog`liq murakkab vaziyatga qaramasdan ‘O`zgidromet’ Mintaqaviy telekommunikasiya markazi sifatida o`z vazifasini bajarib, Markaziy Osiyo mintaqasining prognostik bo`linmalarini zarur ma`lumotlar bilan ta`minlab kelmoqda” — deyiladi xabarda.

Hozirda xalqaro tashkilotlar grantlari, byudjet va «O`zgidromet»ning byudjetdan tashqari mablag`lari hisobiga kuzatuv tarmog`i zamonaviy asbob-uskunalar bilan bosqichma-bosqich jihozlanmoqda, lekin dunyoda gidrometeorologiya sohasi texnik va texnologik jadal rivojlanayotgan hozirgi davrda bu etarlicha emas.

“Shu bilan birga, ‘O`zgidromet`ning samarali faoliyat yuritishi uchun darhol hal etilishi zarur bo`lgan ayrim muammolar mavjud. 2017 yildan boshlab respublika Gidrometeorologiya xizmati faoliyatini takomillashtirish bo`yicha bironta normativ hujjat qabul qilinmadi“, — deyiladi xabarda.

Ta`kidlanishicha, bunday sharoitlarda “O`zgidromet”da 5-10 yil va undan ko`p mehnat tajribasiga ega bo`lgan yuqori malakali mutaxassislar xuddi shunday lavozimlarda ish haqi 2-4 marta yuqori bo`lgan boshqa sohalarga ketib qolmoqda.

Oxirgi 3 yil ichida Erning sun`iy yo`ldoshlaridan olingan ma`lumotlarga ishlov berish, telekommunikasiya va axborot texnologiyalari, ob-havo prognozlarini tayyorlash sohasidagi ko`plab mutaxassislar “O`zgidromet”dan ketgan, ularning aksari etakchi milliy va xorijiy oliy ta`lim muassasalari bitiruvchilari.

Gidrometeorologiya xizmati xodimlari faoliyatni takomillashtirish bo`yicha tezkor choralar hamda tarmoqni uzoq muddatli rivojlantirish strategiyasi bo`yicha qaror qabul qilish zarurligini qayd etgan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar