1

«O`g`limning baxtsizligiga o`zim aybdorman...»

Mutolaa 13.01.2016, 14:36
«O`g`limning baxtsizligiga o`zim aybdorman...»

Tahririyatga qo`ng`iroq qilgan ayolning hikoyasini tinglab, to`g`risi, hayratlandik. Ba`zilar asabiylashdi ham. Qaynonalar, erlarga ko`zingizni oching, bolalarni tirik etim qilmang, degan maqsadda voqeani chop etishga qaror qildik.  

— Yoshim ellikka borib qolgan. Ikki o`g`il, bir qizim bor. Taqdir ekan, turmushimdan ancha yillar oldin ajrashganman. Yolg`iz ayolga juda qiyin ekan. Hali farzand tarbiyasi, hali odamlarning pichir-pichiridan charchab ketarkansiz. Norasidalarim o`gay ota qo`liga qarab qolmasin, deb boshqa turmush qilmadim. Bolalarimni bir boshim bilan onam, aka-ukamning ko`magida katta qildim. Nevara suyay degan niyatda o`g`illarimni yosh uylantirdim. Kichik o`g`lim endi yigirma sakkizga kiradi. Ammo hayoti bugun butunlay izdan chiqqan.

Asror o`g`lim qarindoshimizning qiziga uylandi.  Kelinim juda yaxshi, xushmuomala edi. Uning menga, o`g`limga bo`lgan munosabatini ko`rganlar “Kelindan omadingiz chopdi-da”, deyishardi. Kelinimning homilador bo`lganini eshitib esa boshimiz ko`kka etdi. O`g`lim ham juda bolajonligi sabab orziqib farzandining dunyoga kelishini kuta boshladi. Asragan ko`zga cho`p tushar deganlaridek, Manzuraning homilasi nobud bo`ldi. Salomatligi ham yomonlashib qoldi. Qudalarim bilan maslahatlashib, kelinimni bir-ikki oy ularnikida davolatadigan bo`ldik. O`shanda juda katta xato qilgan ekanman. Manzurani onasinikiga jo`natmasam bo`larkan. Axir u mening kelinim, bolamning izidan kelgan bolam edi-ku! Nega shunday qildim, hozirgacha o`zimni kechira olmayman. Sababi o`g`lim ayoli uyiga ketgach, sayoq yurishni boshladi. Ko`chada engiltabiatroq bir qizga ilakashib qoldi. U Asrordan homilador bo`lib qolgach, “uylanmasang, qamataman” deb turib oldi. O`zimning bolamni o`ylab, uning aybini yopish uchun rozi bo`ldim. Asror ham “shunga uylanmasam bo`lmaydi” deb sarosimaga tushib qolgandi. Yana xato ustiga xato qildik. O`g`lim birinchi turmushidan qonunan ajrashmasdan turib, hovlimizga to`y-tomoshalar bilan ikkinchi kelinni tushirdik. Bugun mana, hammamiz shuning jabrini tortayapmiz. Bir guldek qizni baxtsiz qilib, xotirjam yashash bo`lmaskan. To`g`risi, birinchi nevaram dunyo yuzini ko`rmay nobud bo`lgani uchun o`g`limning bolasini ko`chaga tashlab qo`ygim kelmagandi. Ammo hammasi battar chigallashib ketdi.

Ikkinchi kelinim ikki oy yashamasdan injiqliklar qila boshladi. Onasi yolg`iz yashagani bois turli bahonalar qildi-da, uyiga ketdi. Ona-bola o`g`limga ichkuyov bo`lib yashash shartini qo`ydi. Yana o`rtadagi bolani o`ylab rozi bo`ldik. Asror to`rt yil xotinining uyida yashadi. G`ururini poymol qilib, ikki qizi uchun chidadi. Ammo erkakning elkasi bukilmasin ekan. Qaynonayu xotinning nag`malaridan, odamlarning gap-so`zidan to`yib ketib, bor alamini ichkilikdan olardi. Bir kuni mast bo`lib uyga keldi:

— Oyi, ajrashaman! Qizlarimni olaman-da, bu erlardan bosh olib ketaman, — dedi kuyinib.

— Bolam, ajrashma. O`rtada begunoh go`daklar bor. Ularga ota ham, onam ham birdek kerak, — dedim.

— Yo`q, men ichkuyov bo`lib yashashni istamayman. Xotinimga alohida chiqaylik desam, ko`nmaydi. Nima qilishim kerak? — deb jahl qildi.

Nima qilay, onaman? Bolamga ham ichim kuyadi, nevaralarimni ham o`ylayman. Qudam insofga kelar deb, ertasini kuni ularnikiga bordim. Ammo chuchvarani xom sanagan ekanman. Onasi qolib kelinim bu fikrga qarshi chiqdi.

— Yo`q! O`g`lingiz qachon uy-joy qiladi? Men ovsinim bilan bir uyda yashamayman! Onamning yolg`iz o`zini tashlab ham ketmayman. Ajrashsa, ajrashaveraman.

Bu gaplardan keyin boshim qotib qoldi. O`g`lim yigitligida biror marta og`ziga shayton suvini olmagandi. Shu ayol bilan topishdi-yu, shishadan boshini ko`tara olmay qoldi. Ahvol shunaqa davom etaversa, oxiri nima bo`ladi?

Meni yana bir muammo qiynardi. Asror birinchi xotini bilan ajrashmagan, u ham erining qaytishidan umid qilib o`tiribdi. Shularni o`ylab, unga  shart qo`ydim:

— Yoki Asror bilan yashaysiz, yoki Manzura bilan yarashtiraman. Ertaga keyin kelinimga kun bermay, janjal qilib uyimga bormaysizmi?

Men soddalik qilib, uning “Menga o`g`lingiz kerakmas” degan shartaki gaplariga uchibman. Oradan bir haftalar o`tgach, qarindoshlarimnikiga bordim. Boshimni egib kechirim so`radim, kelinimni qaytarib olib keldim. Avvaliga hammasi yaxshi edi. Asror bilan Manzuraning hayoti bir tekis ketayotgandi. Kelinim ham homilador bo`ldi. Pahlavondek o`g`il dunyoga keltirdi. Asror ishga kirdi, ikki qizi uchun aliment to`lab turdi. Ammo onasi bolalarini o`g`limga ko`rsatmasdi. Bog`chaga borganini eshitsa ham janjal qilardi. Uyga ham to`polon ko`tarib keladigan odat chiqardi. Bolamni «issiq-sovuq» qilib o`ziga qaratib oldi ham. Manzura esa miq etmay hammasiga chidardi. Menga achinardi kelinim boyaqish. Shunday qilib  yana bir yilni zahar yutib o`tkazdim. Bunaqa hayot o`g`limning ham joniga tegdi. Oxiri u bilan urishib, bolalariga aliment to`lamay qo`ydi. Mana, endi jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Boshimni qaysi devorga urishni bilmayman. Hali o`ttiz kirmagan o`g`limning hayoti alg`ov-dalg`ov bo`lib ketgan. Manzura bechora turmushga chiqqaniga mana, etti bo`ldiki, erining yo`liga ko`z tikib umri o`tayapti. Asrorning u xotini esa har ikki kunda janjal qilib keladi. “Manzura bilan qonunan ajrashib, menga uylansin” deya shart qo`ygan. Bilmadim... U barmog`imni tishlasam ham og`riydi, bu barmog`imni ham... Qay birini tanlagan taqdirimizda ham bolalar etim qolarkan.

Afsus... endi afsusdan foyda yo`q. Ikki kemaning boshini tutgan g`arq bo`lishi haq gap ekan. Bolam ham, men ham jazoyimizni olayapmiz. Bizdan ham ko`ra Manzura va uch nafar nevaramga qiyin. Onalar, farzandlaringiz tarbiyasiga mas`uliyatliroq bo`ling. O`ylanmay bosgan bir qadam kimlarningdir hayotini, ko`nglini barbod qilishini unutmang. Kelinlaringizni qizdek ko`ring. Sal betoblansa, onasinikiga jo`natib, bolangizning huzurini o`ylamang. O`g`illaringizga xotin ustiga xotin olib bermang.

Yigitlar ham ayolining taqdirini o`yin qilmasin. Ko`ngilxushlik sabab osoyishtaligi, xotirjam oilasini yo`qotishlari muqarrar. Axir bu dunyoda har narsaning javobi bor. 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1