1

Xotinini o`zini o`zi osib o`ldirishiga sababchi bo`lgan buxorolik erkak qamaldi

Jinoyat 06.11.2020, 16:33
Xotinini o`zini o`zi osib o`ldirishiga sababchi bo`lgan buxorolik erkak qamaldi

Hech qaerda ishlamaydigan 30 yoshli fuqaro Ravshan Farmonov (ism-familiyalar o`zgartirilgan) turmush o`rtog`i 25 yoshli Farog`at Navro`zova bilan olti yil yashab, unga nisbatan shafqatsiz muomalada bo`lib kelgan. Bu haqda Buxoro viloyati IIB  ma`lum qildi. 

U ikki nafar farzandini ham ijtimoiy jihatdan ta`minlamasdan, ularning qiynalib, och-nahor yashab kelishiga sababchi bo`lgan. Ham jismonan, ham ruhan azob chekib, muttasil kaltak va tepkilar oqibatida odamovi bo`lib qolgan Farog`at «Do`stlik» MFY raisi Ulug`bek Abdullaevga murojaat qilgan. Ravshan esa mahalla fuqarolar yig`inida berilgan tanbeh va nasihatlardan tegishli xulosa chiqarmay, battar jazavaga tushgan. Xotini va farzandlariga yashash uyidagi umumiy foydalanishda bo`lgan oshxona va hammomdan foydalanishni taqiqlagan. Etmagandek, ovqat pishirishi uchun oshxonadan foydalanishiga ham to`sqinlik qilgan.

Erining qilmishlari etmagandek, Farog`atga qaynonasi Nasiba Hamroeva va qaynopasi Feruza ham zo`ravonlik qilgan. Uni va qizlarini arzimas narsalar uchun kamsitib, xo`rlab kelgan.

Farzandlari bilan nochor ahvolga tushib qolgan Farog`at Fuqarolik ishlari bo`yicha Qorako`l tumanlararo sudi orqali bolalari ta`minoti uchun aliment undirib berish haqida ariza yozgan. Bu esa uning turmush o`rtog`i Ravshanga yoqmagan va yashash xonadonidagi umumiy foydalanishda bo`lgan hammomda cho`milayotgan xotinini yalang`och holda hovliga sudrab chiqarib, ayollik g`ururi va nafsoniyatini poymol qilgan. Ayovsiz kaltaklab, haqorat qilib, tanasining turli qismlariga qo`li bilan urib, do`pposlab, uning o`ng ko`z yuqori va pastki qovoq sohasiga, o`ng elka va o`ng son sohasiga qasddan tan jarohati etkazgan. Bu holat Qorako`l tumani Ma`muriy sudida ko`rib chiqilib, o`z tasdig`ini topgan.

Oradan bir necha kun o`tar-o`tmas R.Farmonov o`zining jinoiy harakatlarini yana davom ettirgan va turmush o`rtog`i F.Navro`zova bilan sababsiz janjal ko`targan. Uni urib-do`pposlab, o`ng qo`l birinchi barmoq asos falangasi, bosh peshona o`ng tomoniga tan jarohati etkazgan.

Oxir-oqibat, turmushi do`zaxga aylanib borayotgan Farog`at yashash uyi tandirxonasida sirtmoq yasab, o`zini o`zi osgan va hodisa joyida vafot etgan.

Tergov jarayonida sudlanuvchi R.Farmonov xotinini urmagani va kaltaklamagani haqida yolg`on ko`rsatma bergan. Biroq sud-ekspertiza xulosasidagi qaydlar Ravshanning yolg`on ko`rsatmalarini rad etgan. Ekspertiza xulosasiga ko`ra, marhumaning bo`yin sohasida tiriklik vaqtida hosil bo`lgan egat ko`rinishidagi sirtmoq izi borligi, ko`z konyuktivasida (ko`z oq sohasi) nuqtasimon qon quyilishlar, taloq kam qonligi hamda ichki a`zolar, ya`ni jigar, buyrak, yurak, o`pkalarda to`q qizil suyuq qon bilan to`lganligi, bosh miya shishining tasdiqlab turganligi, o`ng qo`l birinchi barmoq asos falangasi orqasidagi qontalash va shilinmasi qattiq o`tmas jism ta`sirida yuzaga kelgani aniqlangan. Ushbu jarohatlar marhumaning o`limidan oldin 5 soatdan ko`p bo`lmagan vaqtga to`g`ri kelishi, jarohatlar marhumaning o`limi bilan bog`liq emasligini, o`ng yonoq sohasi va chap tizza bo`g`imi sohasidagi shilinmasi marhumaning o`limidan oldin hosil bo`lgan bo`lib, qattiq o`tmas jism ta`siridan yuzaga kelganini tasdiqlagan.

Sud-tergovi jarayonida R.Farmonovning xatti-harakatlari natijasida turmush o`rtog`i F.Navro`zova o`zini o`zi osib o`ldirganligi o`z tasdig`ini topgan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 103-moddasi 2-qismining «a» bandi (O`zini o`zi o`ldirish darajasiga etkazish) bilan qo`zg`atilgan jinoyat ishi yuzasidan aybli deb topilib, 7 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan va jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o`tashi belgilangan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1