Samarqand shahrida xotinini ayovsiz kaltaklab, uni pampers eyishga majbur qilgan erkakka nisbatan qo`zg`atilgan jinoyat ishi ochiq sud jarayonida ko`rib chiqiladi. Bu haqda jinoyat ishlari bo`yicha Samarqand shahar sudi sudyasi darakchi.uz ga ma`lum qildi.
Ma`lum qilinishicha, 2020 yil 12 noyabr kuni jinoyat ishlari bo`yicha Samarqand shahar sudida 1985 yilda Samarqand shahrida tug`ilgan Sh.Karimovga nisbatan jinoyat ishini ko`rib chiqish bo`yicha ochiq sud jarayoni boshlanadi.
Sh.Karimov o`zining turmush o`rtog`i Mustahkam Vahobovaga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 103-moddasi (o`zini o`zi o`ldirish darajasiga etkazish), 105-moddasi (qasddan badanga o`rtacha og`ir shikast etkazish) va 110-moddasida (qiynash) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo`yicha Samarqand shahar sudi sudyasi Z.Ahmedova raisligida ko`rib chiqiladi.
Xo`sh, ayolini qiynoqqa solgan erkakka nisbatan qanday jazo qo`llaniladi? Sud jarayonlarida bevosita ishtirok muxbirimiz ish yakuni bo`yicha batafsil ma`lumot beradi.
ESLATIB O`TAMIZ: avgust oyida ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahrida eri tomonidan ayovsiz kaltaklanayotgani aks etgan ayol videosi tarqalib ketgan edi. Ma`lum bo`lishicha, er ayolni muntazam xo`rlagan va majburlab pampers edirgan. Erkak turmush o`rtog`ini urgani tasvirlangan video internetda tarqalgach uyidan qochib ketgan. 23 avgust kuni erkak Toshkentda qo`lga olinib, Samarqandga olib ketilgan. Keyinroq Senat mazkur ayol bilan bog`liq vaziyatni o`z nazoratiga olgandi.
Ozod NURMUHAMMEDOV, Samarqanddan darakchi.uz uchun maxsus