AsosiyJamiyat

Sovuq ob-havo keyingi xaftaning boshigacha saqlanib turadi — O`zgidromet

'Sovuq ob-havo keyingi xaftaning boshigacha saqlanib turadi — O`zgidromet'ning rasmi

O`zbekiston Gidrometeorologiya xizmati O`zbekistonda favqulodda kuzatilgan qorli sovuq ob-havo yuzasidan ma`lumot berdi. 

Ma`lum qilinishicha, 18 noyabrda bizning iliq mamlakatimizga Ural hududlaridan juda sovuq antisiklon kirib keldi. Antisiklon chinakam qishki ob-havoni qor yog`ishi va sovuqni olib keldi. O`zbekiston hududlari bo`yicha yog`ingarchilik, asosan qor ko`rinishida kuzatildi, tog` hududlarining ba`zi joylarida qor kuchli bo`ldi. Faqat respublikaning shimoli-g`arbiy hududlarida va cho`l zonalarida yog`ingarchilik kuzatilmadi.

Qor yog`ishi paytida ba`zi joylarda ko`rinish 50-100 metrgacha yomonlashdi. Yo`llarni yaxmalak qopladi. Kechga tomon respublikamizning markaziy va sharqiy hududlarida balandligi 6 sm dan 14 sm gacha, ba`zi joylarda 20-25 sm gacha bo`lgan qor qoplami hosil bo`ldi. Qor qoplami oldinroq shakllangan tog`li hududlarda qor balandligi 10-30 sm ni tashkil etdi.

Havo harorati kun davomida 3-5 daraja sovuq bo`ldi. Kechasi deyarli barcha joylarda yog`ingarchilik to`xtadi, sovuq esa kuchaydi. Toshkent shahrida termometr 9 daraja sovuqqacha, respublikaning ba`zi joylarida 10-13 daraja sovuqqacha, shimolda va cho`l zonalarida 15-18 daraja sovuqqacha pasaydi. Bunday harorat me`yoriy qiymatlardan (o`rtacha ko`p yillik) 10-15 darajaga kam bo`ldi.

O`zbekistonda noyabr oyining ikkinchi yarmida qor yog`ishi odatiy hol emas. Yomg`irni qorga aylanishi va beqaror qor qoplami shakllanishi o`tgan yil ham qayd etilgan, 2016 yilda esa qor shu kunlarda yog`gan. Ammo bu davrda bunday past harorat juda kamdan-kam kuzatiladi.

O`zbekiston hududlarida sovuq ob-havo keyingi xaftaning boshigacha saqlanib turadi. Havo harorati kechalari 6-9 daraja sovuq, kunduz kunlari 2 daraja sovuqdan 3 daraja iliqqacha bo`lishi kutilmoqda.

    Boshqa yangiliklar