Avvalroq, transport vazirligi huzuridagi Yo`l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi taqdim etgan ma`lumotlar asosida O`zbekistonning 6 ta viloyatidagi 26 ta ko`prikning ta`mirtalab holatga kelib qolgani xabar qilingan edi.
Ushbu xabar aholi orasida turli muhokamalarga, jumladan ko`prik quruvchilariga tegishli salbiy fikrlarga sabab bo`lmoqda. Shu munosabat bilan "O`zbekiston temir yo`llari" AJ muhokamalardagi fikrlarga munosabat bildirdi.
"Ta`kidlash joiz, 2017 yil 4 apreldagi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–3309-sonli “Avtomobil yo`llari ko`priklarini, yo`l o`tkazgichlar va boshqa sun`iy inshootlarni qurish hamda foydalanishni tashkil etish tizimini takomillashtirish to`g`risida”gi Qaroriga muvofiq “O`zbekiston temir yo`llari” AJning “Ko`prikqurilish tresti” unitar korxonasi avtomobil yo`llari ko`priklarini, yo`l o`tkazgichlar (yondoshish yo`llari bilan birga 500 pogon metrdan ko`proq uzunlikda) va boshqa sun`iy inshootlarni ekspluatasiya qilish bo`yicha vakolatli tashkilot etib belgilangan edi. Mazkur vakolat 2019 yil 9 dekabrdagi PF – 5890-sonli “O`zbekiston Respublikasi yo`l xo`jaligi tizimini chuqur isloh qilish chora-tadbirlari to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga binoan, O`zbekiston Respublikasi Avtomobil yo`llari davlat qo`mitasi zimmasiga o`tkazildi.
Ya`ni, bugungi kunda, “O`zbekiston temir yo`llari” AJga qarashli “Ko`prikqurilish tresti” unitar korxonasi avtomobil va temir yo`llar uchun ko`prik va yo`l o`tkazgichlar, tunnellar va boshqa qator transport vositalari uchun inshootlarni qurish sohasida etakchi korxona hisoblanadi. Aynan qurilishlar uchun javob beradi, uning ekspluatasiyasi esa korxona zimmasiga kirmaydi. Shu o`rinda eslatish joizki, «Ko`prikqurilish» Tresti – pudrat tashkiloti sifatida Davlat tomonidan tasdiqlangan dasturlar doirasida, buyurtmachi tomonidan tasdiqlangan loyihalar va shartnomalar asosida qurilish ishlarini bajaradi xolos", deyiladi Jamiyat Axborot ximzati xabarida.






