Korxonalarni korporativ boshqarish bo`yicha ilg`or xalqaro tajribani o`rganish asosida aksiyadorlik jamiyatlarining yangi namunaviy tuzilmasi ishlab chiqildi va tasdiqlandi.
Shu tariqa, zamonaviy korporativ boshqaruv tizimi talablarini inobatga olgan holda, Lavozim va kasblarning yangi klassifikatori ishlab chiqildi va tasdiqlandi, unga bozor iqtisodiyoti talablariga mos keladigan 566 ta yangi toifa kiritildi.
Ana shu klassifikator asosida rahbarlar tarkibi attestasiyadan o`tkazildi. Rahbar kadrlarning korporativ boshqaruvning zamonaviy usul va prinsiplari, menejment va marketing bo`yicha bilimlarini baholash ushbu sinovning asosiy maqsadi qilib qo`yildi.
Uning natijalariga ko`ra, attestasiya qilingan 721 nafar rahbar xodimning yarmi – 49 foizi attestasiyadan o`tgan bo`lsa, ularning har uchinchisi attestasiyadan shartli ravishda o`tkazilgan, 20 foizi yoki har beshinchi rahbar esa egallab turgan lavozimiga loyiq emas, deb topilgan.
Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning mamlakatimizni 2015 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016 yilga mo`ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo`nalishlariga bag`ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma`ruzasida qayd etildi.