Erga kattaligi 370 metrdan 820 metrgacha bo`lgan 153201 (2000 WO107) asteroidi yaqinlashmoqda, deb ma`lum qildi NASAning sayyoramiz atrofidagi ob`ektlarni o`rganish markazi.
Asteroid 29 noyabrda Erga juda yaqin keladi. Ushbu masofa Oygacha bo`lgan masofadan 11 barobar ziyod. Shu bois garchi juda xavfli sanalsada (chunki u er orbitasini kesib o`tadi) “koinot kelgindisi” bu safar sayyoramizga xavf tug`dirmaydi.
Ushbu uchar jismning eng e`tiborli tomoni shundaki, u foydali ma`danlarga boy ekan. Qariyb 600 mingta asteroidni o`rganib chiqqan Asterank ma`lumotlariga ko`ra, mazkur samo jismi 17,4 milliard dollarga baholanmoqda. Xabarda uning tarkibida nikel, temir va kobalt mavjudligi aytilmoqda.






