Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi Buxoro viloyat hududiy boshqarmasining xabar qilishicha, Kogon tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro M.R. Rossiya Federasiyasiga safar qilmoqchi bo`lib, o`tgan yil 12 noyabr kuni “Sanjarsistemservis” MChJ ga qarashli aviakassadan chipta xarid qilgandi. Unga ko`ra fuqaro 2020 yil 28 mart kuni “Buxoro––Moskva” yo`nalishida qatnovchi samolyotda chet elga uchib ketishi lozim edi. Ammo mamlakatimizda pandemiya tufayli boshlangan karantin cheklovlari, xalqaro parvozlarning to`xtatilgani sababli fuqaro maqsadiga etolmadi.
Ammo oradan sakkiz oy o`tib ham chipta pulini qaytarib ololmagan fuqaroning ahvolini tasavvur qilish qiyin emas. Iste`molchiga pulni qaytarish o`rniga vaucher taklif qilindi. Albatta, aeroport mijozi bundan norozi bo`ldi. Nihoyat, iste`molchining O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalq qabulxonasi” viloyat bo`limiga qilgan murojaati e`tiborsiz qolmadi. Ayni holat yuzasidan Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining viloyat hududiy tuzilmasi tomonidan “Uzbekistan Airways” AJ ga so`rov xati yuborildi. Zero, O`zbekiston Respublikasi “Iste`molchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi qonuni 21-moddasiga ko`ra xizmat ko`rsatuvchi va mijoz o`rtasidagi shartnomaning iste`molchi huquqlarini cheklab qo`yadigan va qonun hujjatlariga zid bo`lgan talablari haqiqiy emas, deb hisoblanadi.
Agar, ularni qo`llanishi natijasida iste`molchiga zarar etkazilgan bo`lsa, bu zarar ishlab chiqaruvchi (sotuvchi, ijrochi) tomonidan qoplanishi lozim. Sotuvchi (ijrochi) iste`molchini haq evaziga qo`shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo`shimcha xizmatlardan foydalanishga majbur etishga, shuningdek, ko`rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emasligi qayd qilingan. Qonun talabidan kelib chiqqan holda fuqaro M. R. ga aviachipta uchun to`lagan 1 million 510 ming so`m puli qaytarildi.
"Kezi kelganda, ta`kidlashni istardikki, yuqoridagi kabi, joylarda iste`molchilar haq-huquqlari poymol etilayotgani bilan bog`liq holatlar kuzatilganida, respublika Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi viloyat hududiy tuzilmasining 11-59 raqamli “Ishonch telefoni” ga murojaat qilishni eslatib o`tamiz"deyiladi xabarda.






