AsosiyJamiyat

Farg`onada elektr uzilishlar bo`yicha bir qator mutasaddilarga ma`muriy ish qo`zg`atildi

'Farg`onada elektr uzilishlar bo`yicha bir qator mutasaddilarga ma`muriy ish qo`zg`atildi'ning rasmi

Farg`ona viloyat prokuraturasi organlari tomonidan viloyatda kuz-qish mavsumida aholining munosib hayot kechirishi, ijtimoiy soha ob`ektlarining barqaror faoliyat ko`rsatishi ustidan qat`iy nazorat o`rnatilib, amaliy chora-tadbirlar ko`rilmoqda.

Xususan, elektr tarmoqlari va qurilmalarini kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash, aholi va ijtimoiy soha ob`ektlariga elektr energiyasini uzluksiz etkazib berilishining ahvoli o`rganildi.

Nazorat tadbirlarida yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlarida sodir bo`ladigan avariyalarni tezkor bartaraf etish bo`yicha mobil guruhlar faoliyati talab darajasida tashkil etilmasdan ularning moddiy-texnik bazasi to`liq tashkil etilmaganligi oqibatida viloyat hududlarida kuniga 3 soatdan 28 soatgacha elektr energiyasi etkazib berilishida uzilishlar kuzatilganligi aniqlangan.

Quva tumanida 3 soatdan 28 soatgacha, Qo`shtepada kuniga 3-7 soatgacha, Furqatda 9 soatgacha, Marg`ilon shahar, Beshariq, Toshloq, O`zbekiston, Oltiariq va Yozyovonda 4 soatgacha, Bag`dod 3 soatgacha, Rishton, Buvayda va Dang`arada 5 soatgacha, Uchko`prikda 2 soatgacha uzilishlar kuzatilgan.

Viloyat prokuraturasi organlari tomonidan ushbu holatlar yuzasidan viloyat, tuman va shahar elektr tarmoqlari korxonalari mansabdor shaxslariga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi Kodeksining 198-moddasi 1-qismida (hokimiyat vakilining qonuniy talablarini bajarmaslik) ifodalangan huquqbuzarlik alomatlari bilan ma`muriy javobgarlik to`g`risida ish qo`zg`atildi.

Shuningdek, ushbu mavsumda aholi va ijtimoiy soha ob`ektlariga ko`mir va briket mahsulotlarini o`z vaqtida etkazib berish choralarini ko`rmagan «Ko`mir ta`minot» mas`uliyati cheklangan jamiyati mansabdor shaxslariga nisbatan ham MJtKning 198-moddasi 1-qismi bilan ma`muriy javobgarlik to`g`risida ish qo`zg`atildi.

Bundan tashqari, Marg`ilon shahridagi «temir daftar»da ro`yxatga olingan aholi qatlamini ijtimoiy va ma`naviy muhitini sog`lomlashtirish bo`yicha olib borilgan o`rganishlarda aholi murojaatlarini hal etilishida qonun buzilishi haolatlariga yo`l qo`ygan hamda hokimiyat vakilining qonuniy talablarini lozim darajada bajarmagan viloyat tashkilot va idoralarining 6 nafar mansabdor shaxslarining javobgarlik masalasi ko`rib chiqilib, ularga nisbatan ma`muriy javobgarlik to`g`risida ish qo`zg`atish shaklidagi prokuror nazorat hujjatlari qo`llanildi.

Hozirda nazorat tadbirlari davom etmoqda.

Boshqa yangiliklar