AsosiyJamiyat

“Kamalak yulduzlari” festivalida 111 nafar bola g`olib bo`ldi

“Istiqlol” san`at saroyida “Kamalak yulduzlari – 2015” respublika bolalar ijodiyoti festivali g`oliblarini taqdirlashga bag`ishlangan tadbir va ular ishtirokida gala-konsert bo`lib o`tdi.         

«Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati, O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi, Madaniyat va sport ishlari vazirliklari hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbirga festivalning yakuniy bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etgan o`g`il-qizlar, o`qituvchi va murabbiylar, ota-onalar, keng jamoatchilik vakillari taklif etildi.

Festivalning barcha bosqichida 6 yoshdan 14 yoshgacha bo`lgan 60 ming 400 nafardan ortiq iqtidorli o`g`il-qiz o`z mahoratini namoyish etdi. Ulardan 111 nafari g`oliblikni qo`lga kiritdi. Saralash bosqichlarida o`quvchilarning mumtoz va milliy musiqa cholg`ulari ijrochiligi, an`anaviy va akademik xonandalik, xoreografiya, tasviriy va amaliy san`at, nasr va nazm yo`nalishidagi iste`dod va mahorati taniqli san`atkor va mutaxassislar tomonidan baholandi.         

Loyiha doirasida poytaxtimizdagi ko`rgazma zallarida bolalar rasmlari ko`rgazmasi, mohir rassom va haykaltaroshlar, usta hunarmandlar, musiqashunoslar, rejissyorlar, shoir va yozuvchilar ishtirokida mahorat saboqlari, ijodiy uchrashuvlar bo`lib o`tdi.

Yosh iste`dod sohiblari uchun Mustaqillik maydoni, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, O`zbekiston davlat san`at muzeyi, Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyi, «Qatag`on qurbonlari xotirasi» muzeyi, ma`naviyat va ma`rifat maskanlariga sayohatlar tashkil etildi.  

    Boshqa yangiliklar