Toshkent viloyatining Yangiyo`l tumanida o`zini O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi vakili deb tanishtirgan, 1984 yilda Andijon viloyatida tug`ilgan E.K. ismli fuqaro qo`lga olindi. Bu haqda IIV Axborot xizmati xabar qildi.
Aniqlanishicha, mazkur shaxs o`zini O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligidan ekanligini, Yangiyo`l tuman hokimligi mas`ul xodimining uyi kuzatuvda ekani, maxfiy tadbir o`tkazish uchun kelganini huquqni muhofaza qiluvchi idora vakillariga aytib, qora rangli “Lasetti” avtomashinasini to`xtatib, hamkorlikda tintuv o`tkazishga harakat qilgan.
Tekshiruv davomida ushbu shaxsning yonidan “O`zbekiston Respublikasi Prezidenti administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi” degan soxta yozuv kiritilgan, davlat gerbi va bayrog`i tushirilgan RB №25 tartib raqamli xizmat guvohnomasi va RB №20 tartib raqamli “Zamondosh” jurnali muxbiri guvohnomasi, ikki dona, “Redmi 4x” va “Inoi” telefon apparati va bir dona o`tkir tig`li pichoq rasmiylashtirib olingan.
Ma`lumot uchun, E.K. joriy yilning 15 iyul kuni ham firibgarlik alomatlari bilan Buxoro viloyati Olot tumani IIB tomonidan ushlangan bo`lib, unga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 200-moddasi bilan ish qo`zg`atilgan va sudga oshirilgan. Lekin ushbu shaxs sud jarayoni yakuniga etmasdan, o`ziga tegishli xulosa chiqarmagan holda takroriy qing`ir ishga qo`l urgan.
Mazkur holat yuzasidan E.K. Jinoyat kodeksining 228-moddasi 2-qismi “b” bandida ko`rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinmoqda. Hozirda Yangiyo`l tuman IIB huzuridagi tergov bo`limi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.