AsosiyJamiyat

Poytaxt maktablarida sharoitlar yaratilganiga qaramay OTMga kirish bo`yicha ko`rsatkich past. Vazir o`tkazgan yig`ilishda shu masala muhokama etildi

'Poytaxt maktablarida sharoitlar yaratilganiga qaramay OTMga kirish bo`yicha ko`rsatkich past. Vazir o`tkazgan yig`ilishda shu masala muhokama etildi'ning rasmi

20 noyabr kuni Prezident poytaxtda faoliyat olib borayotgan pedagoglar bilan muloqot qilgan edi. Davlat rahbari yig`ilishdi tibbiyot va ta`lim – davlat va xalq o`rtasidagi adolat ko`prigi ekanligini, agar ushbu tizimlar to`g`rilansa, adolat ta`minlanib, xalqimiz rozi bo`lishi va Toshkent bunda namuna bo`lishi kerakligini ta`kidlagan edi.

Xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatov Toshkent shahri tuman xalq ta`limi bo`limi rahbarlari hamda barcha maktab direktorlari bilan yig`ilish o`tkazdi.  Unda Prezident Shavkat Mirziyoevning poytaxtda faoliyat olib borayotgan tibbiyot xodimlari va pedagoglar bilan muloqotida berilgan vazifalar muhokama etildi.

Xalq ta`limi vaziri bugun Toshkent shahri maktablarida boshqa hududlardagiga nisbatan yaxshiroq sharoitlar yaratilganiga qaramay ularda oliy ta`lim muassasalariga kirish bo`yicha o`rtacha ko`rsatkich pastligini, xususan 116 ta maktabda 10 foizdan, 152 ta maktabda 20 foizdan kam ekanligini qayd etdi.  

Ayniqsa, ta`lim o`zbek tilida olib boriladigan maktablarda ta`lim sifatini oshirish va bitiruvchilarning kelajakda muvaffaqiyatga erishishiga yo`naltirish muhimligi ta`kidlandi.

Tanqidiy ruhda kechgan yig`ilishda poytaxt maktablaridagi ahvolni tubdan yaxshilash vazifalari qo`yilib, Toshkent shahar Xalq ta`limi bosh boshqarmasiga Kozimjon Xasanov rahbar etib tayinlandi.

Kozimjon Xasanov 1978 yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. U O`zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.

U Birlashgan Millatlar tashkiloti taraqqiyot dasturi -o`quv ishlari koordinatori, Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti qoshidagi akademik liseyi, O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi O`rta maxus, kasb-hunar ta`limi markazi va qator xususiy maktablarda rahbar lavozimlarida faoliyat yuritgan.

 

    Boshqa yangiliklar