AsosiyJamiyat

Andijonda “Yangi O`zbekiston - Yangicha dunyoqarash” tadbiri uchun sovuqda o`quvchilarni yupun kiyimda tashqariga chiqargan maktab direktori ishdan olindi

'Andijonda “Yangi O`zbekiston - Yangicha dunyoqarash” tadbiri uchun sovuqda o`quvchilarni yupun kiyimda tashqariga chiqargan maktab direktori ishdan olindi'ning rasmi

Sal avval xabar berganimizdek, ijtimoiy tarmoqlarda Andijonda maktab o`quvchilarining tashkil etilgan tadbirda ustki kiyimsiz tashqarida bayroq hilpiratib turgani aks etgan suratlari tarqaldi

Mazkur xabar yuzasidan Andijon viloyat xalq ta`limi boshqarmasi tomonidan ishchi guruh tuzilib, holat o`rganilayotgani aytilgan edi. 

O`rganish yakunlari bo`yicha quyidagilar ma`lum bo`ldi:

1. Joriy yilning 19 noyabr kuni Andijon shahridagi 43-umumta`lim maktabiga “Yangi O`zbekiston - Yangicha dunyoqarash” shiori ostida mamlakatimizda ko`zga ko`ringan ziyolilar, san`at, fan-ma`daniyat hodimlari hamda faol nuroniylardan iborat targ`ibot guruhi tashrif buyurgan.

2. Targ`ibot guruhi vakillari tashrifidan xabardor bo`lgan o`quvchilar (soat 11:25)da ularni kuzatish maqsadida yo`lakka chiqishgan. O`tkazilayotgan tadbirning fotoalbomini yaratish maqsadida mahalla faollari va maktab ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha direktor o`rinbosari ularni rasmga olgan. Ishchi guruh rasmdagi bolalar bilan qilgan suhbatida mana shu suratga olish vaqtida 2-3 daqiqa tashqarida qolishganligi, so`ng ustozlari tomonidan tanaffus vaqti tugamasdan (soat 11:35gacha) ularni sinf xonalariga kirishlari so`ralganligi ta`kidlandi.

3. Ishchi guruhning rasmdagi o`quvchilar va ota-onalar bilan suhbati jarayonida mazkur holatda farzandlarining uzoq vaqt tashqarida qolib ketmaganligi sababli e`tirozlari yo`q ekanligini ta`kidlashdi.   

Yakuniy xulosaga ko`ra: Har bir o`quvchining maktabdagi vaqtidagi salomatligi va xavfsizligiga keng jamoatchilik vakillari, bloggerlardan ham ko`proq ta`lim sohasi vakillari jon kuydirishlari zarur ekanligini hisobga olib 43-umumta`lim maktabi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi D.Nasirdinov, maktabning ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha direktor o`rinbosari S.Ismanovalar egallab turgan lavozimidan ozod etildi. 

"Andijon viloyati xalq ta`limi boshqarmasi barcha tizimda faoliyat olib borayotgan rahbarlar, o`qituvchilar va hodimlardan maktabdagi o`quvchilarning har biriga o`z farzandidek dahldorlik tuyg`usida yondoshishni, ularning sog`liklari va xavfsizliklariga ta`sir ko`rsatuvchi mana shunday holatlarga yo`l qo`ymasliklarini so`rab qoladi", - deyiladi Andijon viloyat xalq ta`limi boshqarmasi Axborot xizmati xabarida. 

    Boshqa yangiliklar