AsosiyJamiyat

Qish mavsumida har o`rtacha 3 ta sodir bo`lgan yong`inning bittasi isitish moslamalaridan noto`g`ri foydalanishdan kelib chiqadi - FVV

'Qish mavsumida har o`rtacha 3 ta sodir bo`lgan yong`inning bittasi isitish moslamalaridan noto`g`ri foydalanishdan kelib chiqadi - FVV'ning rasmi

Bugun AOKAda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot kotibi Murod Sodiqov ishtirokida brifing o`tkazildi.  

Tahlillarga tayanib ma`lum qilinishicha, is gazidan zaharlanish holatlarining aksariyati quyidagi sabablarga ko`ra yuzaga kelmoqda:

▪️fuqarolar tomonidan gaz va muqobil yoqilg`i (ko`mir, o`tin va boshqa) turlardan foydalanishda xavfsizlik choralariga rioya etmaslik;

▪️nostandart (qo`lbola yasalgan) yoki sertifikatga ega bo`lmagan isitish pechlari va anjomlaridan foydalanish;

▪️isitish pechlarining dudburonlarini noto`g`ri o`rnatish;

▪️gaz yoki boshqa muqobil yoqilg`iga moslashtirilgan isitish pechlari (anjomlari)ni dam olish (uxlash) xonalariga olib kirish;

▪️havo almashmaydigan xonalarni isitishda ochiq olov (ko`mir va o`tin cho`g`lari)dan foydalanish;

▪️havoni almashtiruvchi shamollatish shaxtalari yoki tuynuklarni berkitib (to`sib) qo`yish. 

Isitish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo`lgan ko`ngilsiz holatlardan yana biri bu gaz-havo aralashmasi natijasida chaqnash, portlash hamda yong`inlarning sodir bo`lishidir.

  • Yong`inlarning  30 foizi elektr uskunalaridan foydalanish qoidalarining buzilishi,  
  • 23 foizi ochiq olovdan ehtiyotsizlik bilan foydalanish,  
  • 20 foizi isitish pechlarini qurish va ishlatish qoidalarining buzilishi,  
  • 9 foizi bolalar sho`xligi oqibatida,  
  • 8 foizi chekishdagi ehtiyotsizlik,  
  • 3 foizi gaz jihozlaridan foydalanish qoidalarining buzilishi,  
  • 16 tasi gaz va havo aralashmasining chaqnashidan sodir bo`ladi.

 

Ta`kidlanishicha, qish mavsumida har o`rtacha 3 ta sodir bo`lgan yong`inning bittasi isitish moslamalaridan noto`g`ri foydalanish yoki nosoz va nostandart isitish moslamalarining ishlatilishidan kelib chiqadi.  

Kuz-qish mavsumida sodir bo`lishi mumkin bo`lgan yong`in, gaz va havo aralashmasining chaqnashi hamda is gazidan zaharlanishning oldini olish maqsadida, quyidagilarga rioya qilish zarur:

  • tashqi himoya qobiqlari shikastlangan elektr sim va kabellardan foydalanmang;
  • elektr xo`jaligida ortiqcha yuklanish va elektr simlarning qisqa tutashuvidan sodir bo`lishi mumkin bo`lgan yong`inlarning oldini olish lozimligi sababli sifat sertifikatiga ega bo`lgan himoya saqlagichlaridan (avtomatlardan) foydalaning;
  •  isitish pechlarining dudburonlarini tozalash, sozlash va ularning qoida talablari asosida o`rnatilishi bo`yicha xizmat ko`rsatuvchi maxsus tashkilotlarga murojaat qilish va ular tomonidan lozim darajada xizmat turlarining bajarilishiga erishing;
  • isitish pechlarini haddan ziyod qizdirib yubormang;
  • gaz va elektr isitish moslamalarini nazorat qilishni yosh bolalarga topshirmang;
  • gaz ta`minoti idoralari mutaxassislarini jalb etgan holda gaz jihozlarini taftishdan o`tkazib, ularga texnik xizmat ko`rsatilishini tashkil eting;
  • gaz uskunalarini ulash bo`yicha tartib-qoidalarga rioya qiling;
  •  yonuvchi materiallarni gaz plitalari ustida quritmang;
  •  gaz isitish moslamalaridan xavfsizlik avtomatikalari (gazning o`chib, qayta kelishini nazorat qiluvchi moslama) orqali foydalaning va ularning doimiy sozligiga e`tibor bering.    

 

 Agar xonada gaz hidini sezsangiz, chiroq va uchqun chiqaruvchi moslamalardan foydalanmaslik, darhol xonani shamollatish chorasini ko`rish so`ralmoqda. Bu haqda “1004” raqami orqali gaz xizmatiga, yong`in sodir bo`lgan taqdirda, yong`in-qutqaruv xizmatining “1050” telefon raqamiga xabar bering.

    Boshqa yangiliklar