AsosiyJamiyat

Samarqandda xotini va uning o`ynashini barchaning ko`z oldida pichoqlab o`ldirgan erkakning videosini tarqtganlar qamoqqa olindi

'Samarqandda xotini va uning o`ynashini barchaning ko`z oldida pichoqlab o`ldirgan erkakning videosini tarqtganlar qamoqqa olindi'ning rasmi

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahridagi savdo markazlaridan birida qonga bulg`angan pichoqni ko`tarib, ikki kishini o`limiga sabab bo`lgan fuqaroning tasviri aks etgan video hamda fotolavhalar tarqaldi va omma orasida turlicha muhokamalarga sabab bo`ldi. Avvalroq, holat yuzasidan prokuratura tomonidan jinoyat ishi ochilib, qotil qo`lga olingani xabar qilingan edi. 

Shov-shuvlarga sabab bo`lgan ushbu video (foto) yuzasidan IIB xodimlari tekshiruv ishlarini olib borishdi. Vahshiylik aks etgan ushbu videolavhalar 3 nafar samarqandlik yigitlar tomonidan tasvirga olinib, tarqatilgani ma`lum bo`ldi. Bu haqda "darakchi.uz"ga Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati rahbari Jaxongir Sagdullaev xabar berdi. 

Ma`lum bo`lishicha, videolavhalarni ijtimoiy tarmoqda tarqatgan fuqarolar bu kabi zo`ravonlik va shafqatsizlik aks etgan lavhalarni tarqatmaslik yuzasidan tushuntirish ishlarini olib borish uchun borgan IIB xodimlariga faol qarshilik ko`rsatishgan. 

Ushbu shaxslarga nisbatan tegishli tartibda ma`muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, profilaktik tushuntirish ishlari olib borildi. Samarqand shahar ma`muriy ishlar bo`yicha sudi tomonidan uchala yigitga nisbatan ma`muriy qamoq jazosi tayinlandi, deyiladi taqdim etilgan ma`lumotda. 

"Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi barcha OAV xodimlari, blogerlar va fuqarolarning axborotni olish, undan foydalanish va tarqatish huquqlari mavjudligini eslatib o`tadi. Faqatgina bunday harakatlar qonun doirasida amalga oshirilishi lozim.

Eslatib o`tamiz Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksda 189-1 va Jinoyat kodeksida 130-1-moddalar mavjud bo`lib, zo`ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ`ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish uchun javobgarlik belgilangan.

Ma`lumot uchun: O`zbekiston Respublikasi «Ommaviy axborot vositalari to`g`risida»gi Qonunining 6-moddasiga ko`ra, ommaviy axborot vositalaridan zo`ravonlik g`oyalarini targ`ib qilish maqsadida foydalanilishiga yo`l qo`yilmaydi. «Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to`g`risida»gi Qonunning 15-moddasida davlatning axborot borasidagi xavfsizligini ta`minlashning yo`llaridan biri sifatida zo`ravonlikni, shafqatsizlikni targ`ib qiluvchi g`oyalarni o`z ichiga olgan axborot tarqatilishiga qarshi harakatlar qilish ekanligi mustahkamlangan", - eslatmalar bermoqda Samarqand viloyati IIB axborot xizmati

    Boshqa yangiliklar