Jizzaxda keksa onaxon chuqur quduqqa tushib ketgani aniqlandi va tezkorlik bilan qutqarib olindi. Bu haqda FVV Matbuot xizmati xabar berdi.
Voqea 2020 yilning 24 noyabr kuni ertalab soat 07:30 da Jizzax viloyati G`allaorol tumani «Lalmikor» MFY hududidagi xonadonlardan birida sodir bo`lgan.
Xususan 69 yoshli fuqaro (keksa ayol) uy qudug`idan suv olib chiqmoqchi bo`lib, ehtiyotsizliq oqibatida quduq ichiga tushib ketgan. Voqea sodir bo`lgan joyga zudlik bilan katta leytenant Bohodir Norboboev boshchiligidagi Favqulodda vaziyatlar vazirligi viloyat boshqarmasi qutqaruv guruhi etib borgan.
Quduqning chuqurligi 19 metrni tashkil etadi. Qutqaruvchi Shodiyor Haydarov maxsus arqon yordamida quduqqa tushib, keksa ayolni xavfsiz olib chiqgan. U darhol kasalxonaga yuborildi.
Yaxshiyamki, jabrlanuvchi jiddiy jarohatlar olmagan. Shifokorlar uning holatini ijobiy deb baholamoqda, deyiladi xabarda.






