XTV elektron Kundalik platformasi bilan ishlash uchun ajratilgan sinov muddati tugagani munosabati bilan, elektron kundalikga obuna bo`lish lozimligi, obuna narxi esa — 9 200 so`m etib belgilangani haqida xabar bergan edik.
Elektron kundalik uchun obuna mavzusi ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo`lmoqda. AOKAda o`tgan brifingda Xalq ta`lim vazirligi matbuot kotibi Laylo Rustamova shu masala yuzasidan izoh berdi:
Uning aytishicha, Xalq ta`limi vazirligi va «Kundalik» kompaniyasi o`rtasida davlat-xususiy sherikligi asosida shartnoma imzolangan bo`lib, buning natijasida xususiy sarmoya jalb etilgan holda, davlat byudjet mablag`lari tejaladi.
" - Tejalgan davlat mablag`lari maktablarning moddiy-texnik bazasini rivojlantirishga, ya`ni kompyuter va internet bilan jihozlashga yo`naltiriladi.
«Kundalik» kompaniyasiga tushgan mablag`lar — platformaning texnik infratuzilmasini saqlash, uni rivojlantirish va kengaytirish uchun sarflanadi.
«Kundalik» loyihasi to`liq «Kundalik» kompaniyasi tomonidan moliyalashtiriladi. Mablag`lar dasturiy ta`minotni yaratish, ishlatish va saqlashga, tizimni boshqa maktablarda tatbiq etishga sarflanadi», deydi matbuot kotibi.






