Kuz-qish davrida O`zbekiston energetika vazirligining vazifasi - xonadonlarda, shuningdek, shifoxonalar, bolalar bog`chalari, maktablar kabi barcha uchun ijtimoiy ahamiyatga ega bo`lgan ob`ektlarda issiqlik va yorug`lik bo`lishi uchun zarur bo`lgan barcha choralarni ko`rish hisoblanadi.
Xabaringiz bor, so`nggi kunlarda respublikamiz hududlarida "svet" o`chishi, gaz yo`qligi muammosi birinchi darajadagi masalaga aylandi va bu borada aholining shikoyatlari ko`paydi. Bugun Energetika vazirligi aholiga murojaat bilan chiqdi. Unda shunday deyiladi:
"Shuni ishontirib aytamizki, elektr ta`minotidagi uzilishlar yoki gaz ta`minoti bilan bog`liq holatlar to`g`risida to`liq xabardormiz va bu vaziyatdan qattiq xavotirdamiz. Ana shunday vaziyatlarda ta`mirlash guruhlari hamda jalb qilingan mutaxassislar zudlik bilan yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish bo`yicha ishlarni olib bormoqdalar. Vaziyatni to`liq monitoring qilib, doimiy ravishda nazoratga olib bormoqdamiz.
Kuzning birinchi oyidan boshlab Energetika vazirligining maxsus shtabi mutaxassislari tomonidan mavsumga oldindan tayyorgarlik ko`rilayotgani bois mamlakatimizning har bir viloyatida energiya ta`minoti bilan bog`liq vaziyatni o`rganish bo`yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Ammo bir narsani tushunishimiz kerakki, mamlakatimizda elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi issiqlik elektr stansiyalarining 50 foizigacha 30-40 yil davomida faoliyat yutirgan. Ularning jismonan va ma`nan eskirganligi tufayli energobloklarning ishdan chiqishiga olib kelmoqda. Bu esa elektr stansiyalarining ayrim energiya bloklari faoliyatida uzilishlar yuz beradi. Shu sababli, elektr uzilishlarini minimallashtirish usullaridan biri bu energiya tizimini, shu jumladan issiqlik elektr stansiyalarini modernizasiya qilishdir. Energetika vazirligi ushbu yo`nalishda doimiy ish olib bormoqda. Lekin bir kecha-kunduzda eskirgan tizimni tartibga solish mumkin emas, buning uchun vaqt va mablag`larni qayta taqsimlash kerak bo`ladi"
Vazirlik murojaatida qayd etilishicha, aholi sonining ko`payishi va mamlakatning iqtisodiy salohiyati bilan bog`liq bo`lgan energiya talabining doimiy ravishda o`sib borishi kuzatilmoqda. Bu energetiklardan nafaqat energiya tizimini modernizasiya qilish, balki elektr energiyasini ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, yangi elektr stansiyalarini qurish, shu jumladan qayta tiklanadigan energiya manbalariga asoslangan loyihalarni amalga oshirish ustida ishlashi lozimligini anglatadi.
Mamlakatdagi elektr energiyasining asosiy qismi gazni issiqlik manbai sifatida ishlatadigan issiqlik elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqariladi. Shuning uchun sovuq mavsumda gaz birinchi navbatda elektr stansiyalariga, shuningdek, aholiga etkazib beriladi. Biroq iste`molning eng yuqori yuklama (pik) paytida, ayniqsa sovuq mavsumda, elektr energiyasini iste`mol qilishning keskin o`sishi sababli, tizimning qisqa muddatli uzilishlari mavjud. Odatda mazkur yuzaga kelgan noqulayliklar mutaxassislarimiz tomonidan 2 soatdan 5 soatgacha bo`lgan vaqtda bartaraf etiladi.
"Yana bir bor ishontirib aytamizki, biz qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo`lgan noqulayliklarning oldini olish uchun zarur bo`lgan barcha choralarni ko`ramiz" deyiladi murojaatda.






