Ijtimoiy tarmoqlarda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o`rinbosari B.X.Umurzakovning “Korean and migrations” xususiy bandlik agentligi firibgarlik faoliyatidan jabrlangan fuqarolar bilan uchrashuvidan olingan videosi tarqaldi. Ushbu videoda vazir o`rinbosarining murojaatchilarga nisbatan javoblari ohangi ko`pchilik tomonidan hurmatsizlik, qo`pollik yoki davlat xizmatchisining etika qoidalarini buzish sifatida ta`rif berildi.
Vazirlik axborot xizmati ma`lumotiga ko`ra,“Korean and migrations” xususiy bandlik agentligiga 2019 yil 4 yanvar kuni tegishli lisenziya berilgan. Xususiy bandlik agentligi o`z faoliyati davomida jami 7 ta xorijiy ish beruvchi bilan kelishuvlar imzolagan hamda 2 317 nafar fuqaro bilan 24,9 mlrd. so`m miqdorida shartnomalar imzolagan. Ammo, fuqarolar oldidagi shartnomaviy majburiyatlari bajarilmagan. Joriy yilning 14 sentyabr kuni tashkilotning 12 nafar mas`ullariga nisbatan Toshkent shahar Yakkasaroy tuman sudi tomonidan hukm o`qilib, jabrlanuvchilarga etkazilgan zararlarni qoplab berish ko`rsatib o`tilgan. Dastlabki transh sifatida etkazilgan zararning 38 foizi firibgarlikdan jabrlangan fuqarolarning plastik kartalariga O`zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda o`tkazib berilgan.
Ushbu zararni qoplash tartiblari bo`yicha fuqarolarning murojaatlari O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi rahbariyati bilan bo`lib o`tgan bir necha uchrashuvlar davomida ko`rib chiqilib, ularga sud qarori bilan belgilangan kompensasiya to`lovlarini to`lash mexanizmi to`g`risida batafsil tushuntirishlar berilgan.
" - Ushbu video shu yilning sentyabr oyi oxirida bo`lib o`tgan ana shunday uchrashuvlardan birida suratga olingan. Bir necha soat davom etgan uchrashuv da og`riqli masala muhokama etilganligi sabab firibgarlikdan aziyat chekgan uchrashuv qatnashchilarining emosional holatlarini tushunish mumkin.
Uchrashuv ochiq havoda, poytaxtimiz markazida, gavjum transport yo`llariga yaqin joyda va ovoz kuchaytirish vositalarisiz bo`lib o`tganligini inobatga olsak, bildirilgan fikrlar barcha yig`ilganlarga eshitilarli darajada etib borishi uchun baland ohangda gapirishga zarurat tug`ilganligi tabiiy.
Afsuski, uchrashuvning aynan ushbu qismi ijtimoiy tarmoqda joylashtirildi. Umuman olganda butun uchrashuv barcha savollar uchun ochiq holda olib borilgan. Masalaning huquqiy jihatlariga oid barcha savollarga ushbu yig`ilishda ishtirok etgan Adliya, Ichki ishlar vazirliklari, Oliy sud va Bosh prokuratura huzuridagi MIB mas`ul xodimlari tomonidan ham javoblar berilgan. Shunga qaramay, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Vazir o`rinbosari B.X.Umurzoqovning ayrim murojaatchilar xatti-harakatiga nisbatan javoblari ohangi ko`pchilik tomonidan hurmatsizlik, qo`pollik yoki davlat xizmatchisining etika qoidalarini buzish sifatida ta`rif etilayotganligidan afsusda ekanligini bildiradi. Garchand mazkur javoblarning ma`nosida O`zbekiston Respublikasi qonunchiligiga zid fikrlar aytilmagan, shuningdek, ularda yuqorida keltirib o`tilgan Yakkasaroy tuman sudining qarorlari aks ettirilgan bo`lsa-da, agar uchrashuv ba`zi ishtirokchilarining sha`ni va qadr-qimmatiga ta`sir etgan bo`lsak, ulardan uzr so`rashga tayyormiz, deyiladi munosabatda.
Matbuot xizmati xabarida agar ushbu videoning mualliflari yoki OAV vakillari murojaat qilsa, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mazkur holat bo`yicha qo`shimcha tushuntirish berish uchun B.X.Umurzoqov bilan shaxsiy uchrashuvga imkoniyat yaratib berishga tayyorligini ma`lum qilgan.
Eslatib o`tamiz, “Xususiy bandlik agentliklari to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi qonuniga o`zgartish va qo`shimchalar kiritilishi munosabati bilan joriy yilning 14 noyabridan xususiy bandlik agentliklari faoliyatida jiddiy o`zgarishlar joriy etilga. Xususan, endilikda O`zbekiston Respublikasidan tashqarida ish qidirayotgan shaxslardan xorijda ishga joylashtirish bo`yicha xizmatlar uchun haq olish taqiqlandi. Bu xizmatlar uchun haq xorijiy ish beruvchi tomonidan to`lab beriladi. Bu esa vatandoshlarimizning chet elda ish topish istagini ayrim vijdonsiz shaxslar tomonidan suiste`mol qilish ehtimolini bartaraf etadi, deyiladi xabarda.






