Joriy yilning 25 noyabr kuni Qarshi shahrining mag`zon mahallasi hududidan bir-birini shatakka olgan holda harakatlanib ketayotgan Zil rusumli yuk avtomashina haydovchisi to`satdan yo`lning qatnov qismiga chiqib ketgan velosipedli bolani turtib yuboradi.
-Avtomashinam nosozligi tufayli shatakka olib ketayotgandim, -deydi haydovchi. – Chamasi 19.00 lar atrofida yo`lning o`ng tomonidan velosipedda harakatlanib kelayotgan bolaga ko`zim tushdi. Uni urib yubormaslik uchun signal bosib, rulni chap tomonga burdim. Keyin esa yana yo`limda davom etdim. Bir payt mashinamni orqa g`ildiragi ko`tarilib, tushganini sezgandek bo`ldim. Mashinani to`xtatib, tushib qarasam bola balon ostida qolgan ekan.
Yuz bergan halokatdan so`ng bolakayni zudlik bilan tez yordam shifoxonasiga olib boriladi. Darhol shoshilinch yordam ko`rsatiladi.
-Yo`l-transport hodislarini oldini olish maqsadida Qashqadaryo viloyat yo`l-harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan muntazam profilaktik ishlar olib boriladi, - deydi viloyat YHXB axborot xizmati rahbari Javlon Baxtiev. – Har galgi tadbirlarda avtohalokat joyiga borib, haydovchilarga buning oqibatlari tushuntiriladi. Ota-onalarga serqatnov yo`llarda bolalarni nazoratsiz qoldirmaslik yuzasidan ko`rsatmalar beriladi. Tarqatma materiallar, bukletlar orqali ularni hushyorlikka chorlaymiz. Biroq, afsuski, yo`llarimizda inson o`limi bilan bog`liq og`ir turdagi yo`l-transport hodisalari tez-tez uchrab turadi. Mazkur avtohalokatda ham endigina 9 yoshga kirgan Sh.A. ismli bolakay nazoratsiz qolishi oqibatida og`ir tan jarohati oldi.
Shifoxonada bolakayning hayotini saqlab qolish uchun astoydil harakat qilindi. Biroq, shifokorlarning ma`lum qilishicha, bolakay 29 noyabr kuni olgan tan jarohatlari oqibatida hayotdan ko`z yumdi. Yo`llarda qoidalarga amal qiling, farzandlaringizni nazorat qoldirmang! Zero, keyingi pushaymonlikning foydasi bo`lmasligi mumkin.
Qashqadaryodan maxsus muxbir Shavkat AMINOV.






