Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Keltirilishicha, Aziza ismli fuqaro Toshkent shahar IIBB Terrorizm va eksterimizmga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlariga ariza bilan murojaat qilgan. Unga ko`ra, u aldov yo`li bilan 3,5 ming AQSh dollari qarz evaziga Dubayga fohishalik bilan shug`ullanish uchun yuborilayotgan ekan.
Toshkent shahar IIBB TEQKB odam savdosi va noqonuniy migrasiyaga qarshi kurash bo`limi xodimlari tomonidan tezkor surishtiruv va o`rganish ishlari olib borilgan. Natijada 11 noyabr tonggi soat 05:30 atrofida Toshkent xalqaro aeroportida 1992 yilda tug`ilgan jabrlanuvchi Aziza to`xtatib qolingan.
Shundan so`ng, Bektemir tumanida o`tkazilgan tezkor tadbir davomida arizada ko`rsatilgan Nafisa ismli shaxs qo`lga olingan va tuman IIBga topshirilgan.
«Tanishim Nafisa menga chet elda yaxshi pul topishim mumkinligini aytdi. Bilsam, u erda fohishalikka jo`natmoqchi bo`lgan ekan. Bu ishni o`rtog`im bilan maslahatlashganimda u meni ogohlantirdi. Ketishimdan foyda bo`lmasligini, u erda qiynalishimni aytdi. Shundan keyin biz ichki ishlar xodimlariga murojaat qildik», — deydi Aziza.
Ma`ulm bo`lishicha, Nafisaning jinoiy sherigi BAAda istiqomat qiluvchi ayol xalqaro pul o`tkazmalari orqali jabrlanuvchining bileti va harajatlari uchun 500 AQSh dollari jo`natgan. Buning evaziga 3500 AQSh dollari ishlab berishi shart sifatida ko`rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar Bektemir tumani IIO FMB huzuridagi tergov bo`limi tomonidan Jinoyat kodeksining 135-moddasi (Odam savdosi) 2-qismi «e» bandida ko`rsatilgan jinoyat alomatlari borligi sababli jinoyat ishi qo`zg`atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.






