“Darakchi” tahririyatiga Buxoro viloyati Buxoro tumanidan Qurbon Jo`raeva “Fermer xo`jaligini tashkil qilishi uchun o`g`limga Buxoro tuman hokimining 2018 yil 9 martdagi 418-son qarori bilan Buxoro tuman “Gulshanobod” MFYdan paxta va g`allachilik yo`nalishida 98,36 ga er maydoni ajratib berilgan. O`g`lim “Zokir Olimovich Xalikov” fermer xo`jaligini tashkil qilib faoliyat yuritgan.
9 oy ishlab, g`alla va pilla planini ortiqchasi bilan topshirdi. Lekin “paxtani kam topshirding”, deya erni olib qo`yishdi. Kreditlarimiz bor edi. Sudga murojaat qildik, ijobiy echim topdi, biroq ishlashga qo`yishmadi. Chunki erni boshqa fermerga berishgan ekan. Sud jarayonida yangi qaror qabul qilishdi. Keyin esa sud arizamni qabul qilmadi, nega?”, deb viloyat ma`muriy sudining kassasiya instansiyasining 2020 yil 3 iyuldagi qaroridan norozi bo`lib murojaat qildi...
Aslida holat qanday bo`lgani va arizachi “Zokir Olimovich Xalikov” fermer xo`jaligining arizasi nima sababdan, qaysi asoslarga ko`ra rad qilinganiga javob topish maqsadida Buxoro tuman ma`muriy sudi raisi Zavqiddin MUZAFFAROV bilan bog`landik:
— Buxoro tuman hokimining 2019 yil 26 yanvar kunidagi №297-sonli qaroriga ko`ra, “Zokir Olimovich Xalikov” fermer xo`jaligi rahbarining arizasiga asosan fermer xo`jalik va tuman hokimligi o`rtasida tuzilgan er uchastkasini uzoq muddatga ijaraga berish shartnomasi bekor qilinib, er maydoni tuman hokimligi zaxirasiga qaytarilgan.
So`ng, “Zokir Olimovich Xalikov” fermer xo`jaligi sudga ariza bilan murojaat qilib, Buxoro tuman hokimining 2019 yil 26 yanvar kunidagi №297-sonli qarorini haqiqiy emas deb topishni so`ragan.
Jondor tuman ma`muriy sudining 2019 yil 20 sentyabrdagi hal qiluv qaroriga ko`ra, Buxoro tuman hokimining 2019 yil 26 yanvar kunidagi №297-sonli qarori haqiqiy emas, deb topilgan. Buxoro viloyat ma`muriy sudining 2019 yil
20 dekabrdagi qarori bilan Jondor tuman ma`muriy sudining 2019 yil 20 sentyabr kunidagi hal qiluv qarori o`zgarishsiz qoldirilgan. Sud qarorlari hozirda qonuniy kuchida.
Buxoro tuman hokimining 2019 yil 28 yanvar kunidagi №358-sonli paxta-g`allachilik yuritish uchun qo`shimcha er maydoni ajratish to`g`risidagi qarori bilan “Zokir Olimovich Xalikov” fermer xo`jaligining zahiraga olingan er maydoni “Jamol Kamol zamini” fermer xo`jaligiga qo`shimcha er maydoni sifatida ajratib berilgan.
Mazkur ish bo`yicha arizachi Z.Xalikov sudga ariza bilan murojaat qilib, javobgar Buxoro tuman hokimligiga nisbatan Buxoro tuman hokimining 2019 yil 28 yanvardagi №358-sonli qarorini qisman haqiqiy emas deb topishni so`ragan.
Ma`muriy ish hujjatlaridan ko`rinishicha, Buxoro tuman hokimining 2020 yil 18 mart kunidagi №324-sonli qarori bilan Buxoro tuman Er resurslari va davlat kadastr bo`limining 2020 yil 17 mart kunidagi taqdimnomasi inobatga olinib, Buxoro tuman hokimining 2018 yil 09 mart kunidagi “Gulshanobod” MFY hududidan Z.Xalikovga paxtachilik-g`allachilik yo`nalishida fermer xo`jaligi tashkil qilish uchun tuman hokimligi zaxirasida bo`lgan jami 98,36 gektar, shundan 75,17 gektar ekin, 1.32 gektar tutzor, 15,6 gektar tomorqa va 6,27 gektar boshqa qishloq xo`jaligida foydalanilmaydigan er maydonlari ajratish haqidagi 418-sonli qarori viloyat hokimligi huzuridagi er ajratish masalalari bo`yicha komissiya tomonidan tasdiqlanmagani munosabati bilan bekor qilingan.
Bundan ko`rinadiki, sud jarayonida arizachi “Zokir Olimovich Xalikov” fermer xo`jaligi hisobida er maydoni mavjud emas.
Demak, Buxoro tuman hokimining 2019 yil 28 yanvardagi №358-sonli qarori bilan tuman hokimligi zaxirasidan 98,36 ga er maydonini “Jamol Kamol zamini” fermer xo`jaligiga qo`shimcha er maydoni sifatida ajratib berishda “Zokir Olimovich Xalikov” fermer xo`jaligining huquqlari buzilmagan.
Shu bois, Buxoro tuman ma`muriy sudining 2020 yil 20 martdagi hal qiluv qarori bilan arizachi “Zokir Olimovich Xalikov” fermer xo`jaligining javobgar Buxoro tuman hokimligiga nisbatan Buxoro tuman hokimining 2019 yil 28 yanvardagi №358-sonli qarorining ayrim qismlarini, ya`ni “Zokir Olimovich Xalikov” fermer xo`jaligiga tegishli bo`lgan 98,36 ga er maydonini qo`shimcha ajratib berilgan qismini haqiqiy emas deb topish to`g`risidagi arizasi qanoatlantirishdan rad qilingan.
So`ngra, arizachi “Zokir Olimovich Xalikov” fermer xo`jaligi Buxoro tuman ma`muriy sudining 2020 yil 20 martdagi hal qiluv qaroridan norozi bo`lib, Buxoro viloyat ma`muriy sudiga kassasiya shikoyati keltirgan.
Buxoro viloyat ma`muriy sudi kassasiya instansiyasining 2020 yil 3 iyuldagi qarori bilan Buxoro tuman ma`muriy sudining 2020 yil 20 martdagi hal qiluv qarori o`zgarishsiz qoldirilgan arizachining shikoyati esa rad qilingan. Mazkur holatda arizachi “Zokir Olimovich Xalikov” fermer xo`jaligining arizasi birinchi instansiya va kassasiya tartibida ishi ko`rib chiqilganidan keyin nazorat tartibida Oliy sudga murojaat qilishi mumkin.
NEGA HOKIMLIK BIRINChI DA`VOGAR FERMERNING IShLAShIGA QARShI?
Murojaat va unga taqdim etilgan javoblardan ko`rinadiki, fermerning arizasiga asosan bekor qilingan shartnoma mashmashalarga sabab bo`lgan. Ikki tomonlama shartnomaning bekor qilinishi haqidagi qarorni haqiqiy emas, deb topish haqidagi fermerning arizasini bir necha sud instansiyalari tomonidan ma`qullangan. Da`vogar fermer foydasiga hokim qarorining haqiqiy emas deb topilishi yuzasidan sudning birinchi instansiyasida qanoatlantirilgan da`vo va keyingi instansiyalarda ham o`zgarishsiz qoldirilgan qarorga qaramay, nega javobgar hokimlik tish-tirong`i bilan erni qaytarib olish harakatida? Agar fermer o`zining ta`kidi bilan aytganda, belgilangan maqsadda foydalanayotgan va natijalari hudud iqtisodiy rivojiga hissa qo`shayotgan bo`lsa, mazkur nizoli er maydonini nega birinchi da`vogarda qolishiga hokimlik qarshi chiqmoqda? Sudya tomonidan taqdim etilgan ma`lumotlarda shuningdek, 2018 va 2019 yillarda birinchi da`vogar fermerga ijaraga berilgan er 2020 yilda kadastr taqdimnomasiga asosan viloyatning tegishli komissiyasi tomonidan tasdiqlanmagan bo`lib qoldi? Bizdaki, shuncha savollar tug`ildi, demak, da`vogar fermerning nizoli masaladagi murojaatlari bejiz emas...
“BOSh PROKURATURAGA TAQDIMNOMA KIRITILGAN”
Yuqoridagi ochiq savollarga javob olishni istagan fuqaroni Buxoro tumanida bo`lib o`tgan Bosh prokuror o`rinbosari – O`zbekiston Harbiy prokurorining sayyor qabuliga yo`naltirdik. Fuqaroning qabulda qilgan murojaati ko`rib chiqildi.
Bobur KAMOLOV, Buxoro viloyat prokurorining o`rinbosari:
— Viloyat prokuraturasi tomonidan 2020 yil 25 sentyabrda “Zokir Olimovich Xalikov” fermer xo`jaligi manfaatida mazkur ma`muriy ish bo`yicha sud qarorlarini bekor qilib, arizachining talabini qanoatlantirish haqida yangi hal qiluv qarori chiqarish to`g`risida nazorat tartibida protest keltirishni so`rab, Bosh prokuraturaga taqdimnoma kiritilgan.
“NAZORAT TARTIBIDA PROTEST KELTIRILDI”
Hayot ShAMSUTDINOV, O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo`limi boshlig`i:
— 2020 yil 28 oktyabr kuni Bosh prokuror o`rinbosari tomonidan Oliy sudi ma`muriy ishlar bo`yicha sudlov hay`atiga nazorat tartibida protest keltirildi. Hozirda sudda ko`rib chiqilmoqda.
- MAVZUGA OID
MA`MURIY SUDLARGA APELLYaSIYa, KASSASIYa, NAZORAT TARTIBIDAGI ShIKOYaT BERISh TARTIBI QANDAY?
— Ma`muriy sudlarga Ma`muriy sudlarda ish yuritish to`g`risidagi kodeksning 202-moddasiga asosan agar qonunda boshqa muddat belgilanmagan bo`lsa, apellyasiya shikoyati (protesti) hal qiluv qarori qabul qilingan kundan e`tiboran 20 kun ichida berilishi mumkin.
Kodeksning 227-moddasiga asosan kassasiya shikoyati (protesti) sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirganidan keyin 1 oy ichida berilishi mumkin. Kassasiya shikoyati (protesti) berishning o`tkazib yuborilgan muddati shikoyat (protest) bergan shaxsning iltimosnomasi bo`yicha kassasiya instansiyasi sudi tomonidan, agar iltimosnoma hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan e`tiboran 6 oy ichida berilgan va kassasiya shikoyatini (protestini) berish muddati o`tkazib yuborilishining sabablari sud tomonidan uzrli deb topilgan bo`lsa, tiklanishi mumkin.
Mazkur kodeksning 252-moddasiga asosan nazorat tartibidagi shikoyati (protest) hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan e`tiboran 1 yil ichida berilishi mumkin. Nazorat shikoyati (protest) bevosita O`zbekiston Respublikasi Oliy sudiga beriladi.
SIZDA QANDAY MUAMMOLI MASALALAR BOR? MUTAXASSIS ORQALI JAVOB OLIShNI ISTAYSIZMI? (+99895) 194-64-16 RAQAMIGA QO`NG`IROQ QILING YoKI ShU RAQAMDAGI TELEGRAM MANZILI - @darakchipochta GA MUROJAATLARINGIZNI YO`LLANG.
UNUTMANG, "DARAKChI" XALQ BILAN, XALQ IChIDA!
Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi
MANBA: "DARAKChI" GAZETASI (№43 (1122) 26.11.2020)