AsosiyJamiyat

O`zbekistondagi xalqaro aeroportlarda yo`lovchilarning o`zini o`zi ro`yxatdan o`tkazish tizimi joriy etilmoqda

'O`zbekistondagi xalqaro aeroportlarda yo`lovchilarning o`zini o`zi ro`yxatdan o`tkazish tizimi joriy etilmoqda'ning rasmi

O`zbekistondagi barcha xalqaro aeroportlarga  yo`lovchilarning mustaqil o`zini ro`yxatdan o`tkazish Self Check-In zamonaviy tizimi bosqichma-bosqich joriy qilinmoqda. Bu haqda "Uzbekistan Airports" texnik kompaniyasi Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Bu tizim havo transporti kommunikasiyalari va axborot texnologiyalari sohasida dunyoda etakchi - SITA kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan bo`lib,  Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida 4 ta shunday kiosklar o`rnatildi.

Self Check-In xizmati orqali yo`lovchilarning ro`yxatdan tez va oson o`tishlari ta`minlanadi. Bu xizmat yordamida samolyotning istalgan o`rindig`idan joy band etish va bir vaqtning o`zida joylashish haqidagi talonni olish mumkin. Sayohatga otlanganlar yuklarini kioskdan mustaqil ro`yxatdan o`tkazib, parvozdan avval ularni tegishli xizmatlarga topshirish imkoniyatlari mavjud.

«Uzbekistan Airports» aksiyadorlik jamiyati Toshkent xalqaro aeroportiga muntazam parvozlarini amalga oshirayotgan barcha aviakompaniyalarga Self Check-In kioskalariga ulanish, xizmatdan samarali foydalanish taklifini kiritgan. Pandemiya cheklovlari tufayli hozir bu kiosk xizmatlaridan faqatgina «Turkish Airlines» aviakompaniyasi yo`lovchilari foydalanmoqda.

Imkoniyatlar birgina bu emas, «Uzbekistan Airports» AJ va Toshkent xalqaro aeroporti hozirda SITA kompaniyasi bilan yo`lovchilarning yuklarini ham avtomatik ro`yxatdan o`tkazish Self BagDrop tizimini yo`lga qo`yish bo`yicha muzokaralar olib boryapti. Rejaga ko`ra, bu amaliyot tizimli ravishda O`zbekistondagi 11 ta xalqaro aeroportlarning hammasiga tadbiq etiladi.

«Uzbekistan Airports» AJ raqamli texnologiyalar asosida yo`lovchilarga xizmat ko`rsatish sifatini yanada yaxshilash, ularga qulay imkoniyatlarni yaratish, ayniqsa, aeroportlarning o`tkazuvchanlik qobiliyatini oshirishga qaratilgan salmoqli loyihalarni amalda ko`plab qo`llashni rejalashtirgan, deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar