1

“Bir tomonda opalarim, ikkinchi tomonda...”

Mutolaa 21.01.2016, 13:50
“Bir tomonda  opalarim, ikkinchi tomonda...”

Ushbu loyiha muxlislarimizning eng ko`p murojaat qiladigan sahifalari sirasiga kiradi. Kimdir yuragini bo`shatishni istab maktub yo`llasa, boshqa birov mushtariylarga saboq bo`lishini niyat qilib qo`ng`iroq qiladi. Xullas, biz har kuni “Yuragimda saqlaganlarim”ga aytadigan gaplarim bor edi”, degan murojaat eshitamiz va bundan xursandmiz...

O`tgan hafta tahririyat bilan bog`langanlar orasida yoshgina qiz ham bor edi. Aksariyat hollarda bizga dardini yoruvchilarning yoshi ulug` bo`lardi. Qalbida saqlab kelayotganlari ham eski, ancha yillik.

“Yoshgina qizning ko`ngliga bekitgan qanday qayg`usi bor ekan?” — degan savol o`tdi xayolimizdan.

— Men buxorolikman. O`sha erdan qo`ng`iroq qilyapman sizlarga, — dedi muxlisamiz salom-alikdan so`ng. — Maslahatlaringiz juda muhtojman. Gazetani har safar o`qib boraman. Men kabi aro yo`lda qolganlarga to`g`ri yo`l ko`rsatgan, maslahatlar berganlaringizga ko`p bor guvoh bo`lganman. Mendan bu ko`magingizni ayamaysiz degan umidda bog`landim.

Oilada olti farzandmiz. Besh qiz, bir o`g`il. Men qizlarning kenjasiman. Ota-onam, opalalarim va ukamdan zig`ircha ham noroziligim yo`q. Doim ularning mehri, shirin so`zi, e`tibori og`ushida bo`lganman.

Oilamiz havas qilgulik. Shundan bo`lsa kerak, ikki opam yaxshi oilalarga kelin bo`ldi. Baxtli yashamoqda. Uyda yana ikki opam, men, ukam qolganmiz.

Ota-onam orzu-havasli insonlar bo`lgani uchun bizni o`qitishga, kasb-hunarli qilishga harakat qilishadi. Opalarim qatori men ham o`qidim. Shahri azimga barcha viloyatlardan talabalar kelgani uchun kursdoshlarim turli joylardan edi. Talabalik davrim ham ajoyib o`tdi. Eng qizig`i, bu go`zal davr qalbimga nozik tuyg`ularni ham mehmon qildi. Inson qalbiga buyruq berolmaskan. Bo`lmasa, men etti o`lchab bir kesgan, hamma tomonni hisobga olgan bo`lardim.

Afsuski, yuragimni zabt etgan hislar aqlimdan ustun keldi. Men hech o`ylanmay namanganlik yigitga ko`ngil qo`ydim. “Namangan qaydayu Buxoro qayda?” dersiz? Ne qilay? Muhabbat ana shunday manzil, joy, odam tanlamaydigan tuyg`u ekan. Tag`in atrofdagilar ham muhabbatimiz haqida xabar topganida turli fikr aytishdi.

— Bu yigit senga uylanmaydi, shuncha joyga sovchi yuborarmidi?

— Boshqa yigit qurib ketganmidi, senga? Shuncha uzoqqa ota-onang bermaydi-ku!

— Aldanib qolmasang deb qo`rqaman...

Xullas, iliq fikr bildiruvchilar juda oz edi. Lekin ularning hech biri ko`nglimda ikkilanish, hadik solmagan. Hatto sevgimdan sovutmagan ham.

Vaqt o`tdi, o`qishimiz ham tugadi. Yuragim aldamagan ekan. U meni umidsiz qoldirmadi. Uyimizga uning sovchilari tashrif buyurdi.

— Voy, o`lmasam, sovchilar Namangandan emish. Orada qancha masofa, qancha viloyatlar bor! Sen qiz va`da berib qo`ymaganmisan? — hech bunday bo`lishini kutmagan onam hovliqib qoldi.

Otam ham o`ychan edi.

Ular bu sovchilar shunchaki kelishmagani, mening roziligim va o`sha yigitda ko`nglim borligini sezishgandi.

— Bo`lmaydi, juda uzoq, — debdi otam onamga.

— Men o`zim ham rozi emasman! Ana, otang ham qarshi. Xayolingdan chiqar u yigitni. Bu bir o`tkinchi tuyg`u. Xudo baxtingni bersa, bundan yaxshi joylardan sovchi keladi hali, — dedi onam ham otamga yon bosib.

Ko`zimga dunyo tor bo`ldi. U va`dasi ustidan chiqdi. Men-chi? Nahot, endi barcha orzularimiz ko`kka uchadi? Axir ota-onamga qarshi chiqa olmayman-ku! Endi nima qilaman?

Sovchilar rad javobini olib qaytgach, battar cho`kib qoldim. Tushkunlikka tushib qolgandim. Chunki ota-onamga bir og`iz gapirish, ko`nglimdagilarni aytishga ojiz edim.

Ammo u taslim bo`lmadi. Ko`p o`tmay, ikkinchi bor uning sovchilari, eshik qoqib kirib keldi. Bu mening ko`nglimga quvonch emas, ko`proq ilojsizlik, nadomat va g`am olib kirgandek bo`ldi. Axir uni ham ota-onasi oldida subutsiz qilmadimmi? Ota-onasi ham shuncha yo`lga kelib, natijasiz ketsa, o`g`liga gapirmaydimi, ranjimaydimi?

Sovchilar uyda o`tirgan muddat men uchun yillarga cho`zilgandek bo`ldi. Ne qilarimni bilmasdim.

— Bu yoqqa kel, — deb qoldi kutilmaganda onam. — Rostdan ham shu bolani yaxshi ko`rasanmi? Yaxshi yigitmi?

Men indamay erga qaradim. Hech narsadan umid qilmas, ming tushuntirganim befoydadek churq etmasdim.

— Ota-onasi yomon odamlaga o`xshamaydi. Yigit ham ahdiga vafo qilib shuncha yo`lga odam yuboribdi, nomard emas ekan... Boshim qotdi. Otang ham ham o`yda. “Yo`q” deylik desak, shuncha yo`lga sarg`ayib, ilinj bilan kelib o`tiribdi. Qurib ketsin, shu qiz savdosi...

Onam o`ziga o`zi gapira-gapira ortiga qaytdi. Men yana sassiz joyimga cho`kdim.

— Umidsiz jo`natmadik! Nima bo`lsa peshanangdan ko`rasan! “O`zing pishirgan osh!” — dedi onam sovchilarni kuzatib uyga kirarkan.

Quloqlarimga ishonmasdim. Qotib qoldim. Kulishimni ham, yig`lashimni ham bilmasdim. Nahot, ota-onam rozi bo`ldi?

— Otang ham rangingga qarab “yo`q” deyolmadi. Ertaga yonimga ko`zingning yoshini oqqizib keluvchi bo`lmaysan! Otang yuzimga solishini istamayman!

— Xo`p, — dedim va erdan ko`z uzmadim.

Biroq angladimki, ota-ona farzandi quvonchi uchun o`z xotirjamligi va tinchligidan bemalol voz kecharkan. Ularning ishonchini oqlashga o`zimga-o`zim so`z berdim. Endi ichim yorisha boshlagan kunlari uydagi opam gapirib qoldi:

— Sen indamay, o`ylamay turmushga chiqib ketaverasanmi? Oldingda ikki opang turibmiz, axir? Biz turganda sening to`ying bo`lsa, odamlar “Opalarining biror aybi bor ekanki, hech kim so`ramabdi. Singlisi ulardan avval  erga tegibdi”, demaydimi? Undan ham battari to`yingdan keyin rostdan ham bizning biror aybimiz borligiga hamma ishonib, baxtimiz boylanib qolmaydimi?

Birdan ko`zim charaqlab ochilgandek bo`ldi. Nega bu haqda o`ylamadim? Ota-onamning nima uchun xayoliga kelmadi? Balki ular mening ko`nglimga qarab, opalarimni unutishgandir?

Unday emas ekan! Opamning bu gapini eshitgach, onam ham o`yga tolib qoldi. Endi esa ular mening to`yimni rad etishmoqchi. Ikki o`t orasida qolib ketdim. Bir tomonda ko`ngil qo`ygan, ishongan insonim, ikkinchi tomonda jondan aziz opalarim taqdiri... Nima qilishni bilmayman? Menga maslahat bering. To`g`ri yo`l ko`rsating! Shundan yo`l ko`rsatingki, hamma xursand bo`lsin!

N.USANBOEVA oqqa ko`chirdi

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1