AsosiyJinoyat

Urganch tumanlararo sudi sudyasi 1 200 AQSh dollar pora bilan qo`lga tushdi. Tergov boshlangan

'Urganch tumanlararo sudi sudyasi 1 200 AQSh dollar pora bilan qo`lga tushdi. Tergov boshlangan'ning rasmi

Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov xabar qildi...

2020 yil 3 oktyabr kuni fuqaro X.R. Xorazm viloyat prokurori nomiga ariza bilan murojaat qiladi. Unda fuqarolik ishlari bo`yicha Urganch tumanlararo sudining sudyasi A.S. uning da`vo arizasi asosida fuqarolik ishlari bo`yicha Bog`ot tumanlararo sudining sudyasi J.M. tomonidan ko`rib chiqilayotgan javobgar G.M.ga nisbatan Xiva shahri, Lolazor mahallasi, Zuhra ko`chasida joylashgan 800 kvadrat metr er maydonidan iborat qurilishi tugallanmagan uy-joyning oldi-sotdi shartnomasini bekor qilish haqidagi fuqarolik ishini sudya J.M.ga pora bergan holda ijobiy hal qilib berish evaziga 10 ming AQSh dollari berishini talab qilayotganini bildirib, unga nisbatan qonuniy chora ko`rishni so`ragan.

Ushbu ariza asosida Xorazm viloyat prokuraturasi va viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbir davomida, 2020 yil 4 oktyabr kuni soat 14:30 larda fuqarolik ishlari bo`yicha Urganch tumanlararo sudining sudyasi A.S. fuqaro X.R.ga tegishli Urganch shahar, Temir-yo`lchi mahallasi, Yoshlik ko`chasi, 26B-uy, 22-xonadonda talab qilingan 10 000 AQSh dollaridan kimyoviy ishlov berilgan 1 200 AQSh dollarini olgan vaqtida, ashyoviy dalillar bilan jinoyat ustida ushlangan.

Sudyalar oliy kengashining A.S.ni Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a”, “v” bandlari va 28, 211-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoiy javobgarlikka tortishga rozilik berish to`g`risidagi 2020 yil 5 oktyabrdagi xulosasi hamda Oliy sud Plenumining A.S.ni jinoiy javobgarlikka tortish va qamoqqa olishga rozilik berish to`g`risida 2020 yil 5 oktyabrdagi qarori chiqarilgan.

Sudyalar oliy kengashining 2020 yil 5 oktyabrdagi qarori bilan A.S. lavozimidan ozod etilib, vakolati muddatidan ilgari tugatilgan.

Hozirgi kunda ushbu jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar