AsosiyJamiyat

2021 yil mart oyida O`zbekistonda Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini keng nishonlanadi — Prezident qarori

'2021 yil mart oyida O`zbekistonda Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini keng nishonlanadi — Prezident qarori'ning rasmi

O`zbekiston Qahramoni va xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash to`g`risida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori e`lon qilindi.

O`zbek adabiyoti va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo`shgan atoqli shoir, taniqli jamoat arbobi, O`zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi muallifi, O`zbekiston Qahramoni Abdulla Oripovning betakror ijodiy merosi, uning Vatanga muhabbat, vafo va sadoqat tuyg`usini, olijanob insoniy fazilatlarni madh etgan etuk badiiy asarlari, sermazmun hayoti va ijtimoiy faoliyatining xalqimiz ma`naviyatini yuksaltirish, yosh avlod tarbiyasidagi beqiyos o`rni va ahamiyatini inobatga olib hamda tavalludining 80 yilligini munosib nishonlash va xotirasini abadiylashtirish maqsadida:

- 2021 yil mart oyining uchinchi o`n kunligida O`zbekiston Xalqaro anjumanlar saroyida Abdulla Oripov xotirasiga bag`ishlangan tantanali adabiy-badiiy xotira kechasi o`tkaziladi;

- Abdulla Oripovning o`zbek tilidagi ikki jildlik “Tanlangan asarlar”i, qoraqalpoq, rus, ingliz va boshqa tillarga tarjima qilingan she`riy to`plamlari, shuningdek, “Abdulla Oripov zamondoshlari xotirasida” kitobi nashrga tayyorlanadi va chop etiladi;

- Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o`zbek tili va adabiyoti universitetida “Abdulla Oripov ijodiy merosining o`zbek va jahon adabiy-estetik tafakkuri taraqqiyotidagi o`rni” mavzusida xalqaro ilmiy-nazariy konferensiya o`tkaziladi hamda anjuman materiallari alohida to`plam holida chop etiladi;

- Toshkent viloyati Qibray tumani Arg`in mahallasidagi Abdulla Oripov yashagan xonadonda yodgorlik lavhasi o`rnatiladi;

- Abdulla Oripovning hayoti va ijodiy faoliyati haqida hujjatli film yaratiladi;

- mamlakatimiz teatrlarida Abdulla Oripov asarlari asosida spektakllar sahnalashtiriladi;

- umumiy o`rta ta`lim muassasalari, ijod maktablari o`quvchilari hamda oliy ta`lim muassasalari talabalari o`rtasida Abdulla Oripov hayoti va ijodiga bag`ishlangan “Men nechun sevaman O`zbekistonni?” mavzusida insholar tanlovlari o`tkaziladi;

- Qarshi shahridagi Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabida ijod maktablari o`quvchilari o`rtasida “Mitti yulduz jilolari” she`riyat bellashuvi o`tkaziladi;

- ta`lim muassasalari, mehnat jamoalari, mahallalar, harbiy qismlar hamda Adiblar xiyobonida taniqli ijodkorlar, olimlar, madaniyat va san`at namoyandalari ishtirokida Abdulla Oripov ijodiga bag`ishlangan uchrashuvlar, davra suhbatlari, kitobxonlik va she`riyat kechalari tashkil etiladi.

    Boshqa yangiliklar