Toshkent davlat yuridik universiteti, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi qoshidagi “El-yurt umidi” jamg`armasi, O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi va AQShning Sirakyuz universiteti o`rtasida Anglashuv memorandimi imzolandi.
Memorandumga ko`ra, yurtimizda ilk marotaba Toshkent davlat yuridik universitetida Sirakyuz universiteti bilan hamkorlikda nogironligi bo`lgan shaxslarga beg`araz huquqiy yordam ko`rsatishga mo`ljallangan yuridik klinika tashkil etiladi.
Yuridik klinika jamiyatimizning eng zaif qatlami vakillari huquq va manfaatlarini himoya qilish, nogironligi bo`lgan insonlarni qo`llab-quvvatlash va ularni jamiyatning teng huquqli a`zosiga aylantirishga xizmat qiladi. Klinika faoliyatiga AQShning xalqaro darajadagi yuqori malakali yuristlari hamda Sirakyuz universitetining talabalari jalb etiladi.
Kelishuvga muvofiq, Toshkent davlat yuridik universiteti hamda Bosh prokuratura Akademiyasining professor-o`qituvchilari va ilmiy xodimlari AQShda stajirovka o`tashi va boshqa dasturlarda ishtirok etishi mumkin.
Shuningdek, Toshkent davlat yuridik universiteti talabalari Sirakyuz universiteti magistraturasida qo`shma ta`lim dasturi (joint program) asosida 1+1, 2+1 yoki boshqa ko`rinishda o`qish imkoniyatiga ega bo`ldi.






