Joriy yilning 1 dekabr kuni o`tkazilgan "Neftchi"-"Turon" uchrashuvidagi tartibsizliklar kelib chiqqani haqida xabar bergan edik. Ko`p o`tmay esa Farg`ona viloyati IIB Axborot xizmati hakamni kaltaklagan alamzada futbol muxlislarining barchasi qo`lga olingani ham ma`lum qildi.
Kecha holat yuzasidan "Neftchi" FK qarorgohida yig`ilish o`tkazilgan. Bu haqda "Neftchi" futbol klubining rasmiy telegram kanalida xabar berildi.
Yig`ilishga Farg`ona viloyati hokimi H.H.Bozorov raislik qilgan.
Yig`ilishda 1 dekabr kuni o`tkazilgan "Neftchi"-"Turon" bellashuvida "Neftchi" jamoasi futbolchilarining o`yinni boshqargan hakamlarga nisbatan qilgan qo`polliklari tufayli yuzaga kelgan tartibsizliklar natijasida futbolga xos bo`lmagan holat bo`lganligi,"Neftchi" jamoasi mas`ul xodimlari klub futbolchilarini o`yinga etarlicha jismonan va ruhan tayyorlashda sustkashlikka yo`l qo`yganligi, tartibsizlik keltirib chiqargan futbolchilarga nisbatan qonunda belgilangan tartibda tegishli choralar ko`rilganligi haqida gapirilgan.
Shuningdek, "Neftchi" FK mas`ul xodimlari futbolchilarini o`yinga etarlicha jismonan va ruhan tayyorlashda sustkashlikka yo`l qo`yganligi uchun bosh murabbiy A.Durmonov egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.






