Bugun AOKA anjumanlar zalida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi. Unda Davlat-xususiy sheriklik asosida maishiy chiqindilarni to`plash va olib chiqib ketishni tashkil etish bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar borasida ma`lumot berildi.
Tadbirda qayd etilishicha, “Maishiy va qurilish chiqindilari bilan bog`liq ishlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaror asosida 2020 yilda hududlarni davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida tadbirkorlik sub`ektlariga biriktirish bo`yicha jami 16 ta loyiha konsepsiyalari tasdiqlanib e`longa qo`yildi. Unga ko`ra 5 ta viloyatning 34 ta tumanida maishiy chiqindilar bilan bog`liq ishlar DXSh asosida qamrab olinadi. Loyiha doirasida davlat sherigi tomonidan 330 ta maxsus texnikalar taqdim etiladi.
O`z navbatida xususiy sherik tomonidan jami 293,7 mlrd. so`mlik investisiya kiritish orqali, 385 ta maxsus texnika, 28 ta chiqindilarni saralash va qayta ishlash uskunalari harid qilinishi, shuningdek 2720 ta yangi ish o`rinlari yaratilishini ko`zda tutilgan. Loyihalarni o`z vaqtida ishga tushirish natijasida hududlarni maishiy chiqindilarni to`plash va tashib ketish xizmatlari bilan qamrab olish darajasi 100 foizga, chiqindilarni qayta ishlash darajasi 38 foizga etkaziladi.
Shuningdek, e`longa qo`yilgan 16 ta loyihadan 8 ta DXSh konsepsiya loyihalari yuzasidan talabgorlardan takliflar kelib tushmagan. Shunga ko`ra mazkur loyiha tashabbuskorlari bilan qonunchilikda belgilangan tartibda to`g`ridan-to`g`ri DXSh bitimi imzolash yuzasidan muzokaralar o`tkazilib 5 ta loyiha bo`yicha bitim loyihalari tayyorlandi.
Bundan tashqari 8 ta loyiha yuzasidan loyiha tashabbuskorlaridan boshqa tadbirkorlardan qiziqish bildirilganligi bois belgilangan tartibda tender o`tkazish orqali bitim tuzish huquqiga ega xususiy sherikni aniqlash uchun tender hujjatlari ishlab chiqilib, Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi bilan kelishildi.
Ishlab chiqilgan tender hujjatlari bo`yicha 1-bosqichda dastlabki malakani baholash hujjatlari talabgorlarga yuborildi. Tenderning
1-bosqichini 2020 yilning 25 dekabr kunida, yakunlovchi 2-bosqichini o`tkazish va g`oliblarni aniqlash 2021 yilning 5-10 yanvar kunlarida o`tkazish rejalashtirilgan.
07.12.2020 12:06
5 ta viloyatda maishiy chiqindi bilan bog`liq ishlar xususiy sheriklik asosida qamrab olinadi






