Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 iyundagi “2020-2021 yillarda Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kambag`allikni qisqartirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori bilan tasdiqlangan dastur doirasida Boyovut tumanida bir qator bunyodkorlik ishlari amalga oshirilishi nazarda tutilgan edi.
Jumladan, hududda 2020-2021 yillarda ro`yobga chiqarilishi rejalashtirilgan 50 ta investisiya loyihasini amalga oshirish natijasida 2632 ta yangi ish o`rni yaratish, qolaversa, 5 ta MTM, 4 ta umumta`lim maktabi rekonstruksiya qilinishi, 2 ta sog`liqni saqlash muassasasi ta`mirlanishi, tuman tibbiyot birlashmasi 5 turdagi zamonaviy tibbiyot jihozlari bilan ta`minlanishi hamda 5 ta madaniy ob`ekt qurilishi rejalashtirilgan. Dasturni amalga oshirish uchun Davlat byudjetidan jami 195 mlrd. so`m mablag` sarf qilinishi nazarda tutilgan.
Ahamiyatlisi, Boyovut tumanida qisqa vaqt ichida bir qator ezgu ishlar ro`yobga chiqarildi. Xususan, aholining madaniy hordiq chiqarishi uchun maskan, oilaviy tashrif buyuriladigan saylgoh, xotira majmualari qurildi. Yo`l, kommunal xizmati va boshqa infratuzilmalarni rivojlantirish, ijtimoiy soha hamda aholi bandligini ta`minlash maqsadida yangi loyihalar ishga tushirildi.

Bugun, 7 dekabr kuni tumanda “O`zbekistonim – shon-shuhratim, Boyovutim – saodatim!” mavzusida amaliy seminar tashkil etildi.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbaeva mazkur seminar doirasida bir qator ob`ektlarga tashrif buyurdi hamda tumanda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Xususan, Senat Raisi “Boyovut tumanini obod markazga aylantiramiz” majmuasida bo`ldi.
Ta`kidlash joizki, mazkur majmua tashlandiq holatda yotgan xizmat ko`rsatish shoxobchalarining old qismida tashkil qilingan. Bundan ko`zlangan maqsad boyovutliklarning ko`nglida farovon hayotga bo`lgan harakatni uyg`otish, ularni obod turmush qurishdek maqsad sari etaklash, bu yo`lda faollikka chaqirishdan iborat.

Bundan tashqari, parlament yuqori palatasi Raisi T.Narbaeva “Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash bo`limi”va “Uchturgon” mahalla fuqarolar yig`ini binolarining ochilishida ishtirok etdi.
Tumanda mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash bo`limi yaxlit tuzilma sifatida faoliyat olib borishi va kommunikasiya jihatidan qulay joylashtirishga alohida e`tibor qaratildi. Shu maqsadda mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash bo`limi yangi binoga joylashtirildi. O`z navbatida mutaxassislarning kommunikativ tarzda faoliyat yuritishi bo`lim oldiga qo`yilgan vazifalarni tezkorlik bilan bajarishga imkoniyat yaratadi.

Yana bir jihat. Boyovut tumanida 26 ta ko`p qavatli uy-joy mavjud. Undan 5 tasi hozirgi kunda yashash uchun yaroqsiz holga kelib qolgan. Shu sababli tumanda uy-joyga ehtiyoji bo`lgan kam ta`minlangan oilalar va yaroqsiz ko`p qavatli uy-joylarda yashovchilar uchun ijtimoiy uylar tashkil etish ehtiyoji bor.
Boyovutliklar o`z oldiga mazmunan umumiy yotoqxona, lekin ko`rinishi, undagi shart-sharoitlar bilan xususiy ko`p kvartirali uy-joylardan qolishmaydigan ijtimoiy uy-joylarni tashkil qilishni maqsad qilgan edi.

Tumandagi 1-sonli kasb-hunar maktabi tasarrufidagi 4 qavatli yotoqxona binosi Oliy va o`rta maxsus ta`limi vazirligi roziligida tuman hokimligi balansiga o`tkazildi.
Yaroqsiz ko`p qavatli uy-joylarda yashovchi fuqarolarni tez muddat ichida zamonaviy shart-sharoitlarga ega bo`lgan uy-joylar bilan ta`minlash maqsadida yotoqxona binosini rekonstruksiya qilish ishlari boshlab yuborildi.
Ijtimoiy uy 27 ta 1 xonali, 53 ta 2 xonali, jami 80 ta kvartiraga ega. Bunga 7,0 mlrd. so`mdan oshiq mahalliy byudjet mablag`lari yo`naltirilmoqda.

Senat Raisi mazkur jarayonni ko`zdan kechirib, mutasaddilarga tegishli ko`rsatmalar berdi.
Navbatdagi manzil – “Stello moda” tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish sexi.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 iyundagi “2020-2021 yillarda Sirdaryo viloyati Boyovut tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kambag`allikni qisqartirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaroriga asosan Boyovut shaharchasi hududidagi bo`sh turgan davlat ob`ekti o`rnida “Stello moda” MChJ tomonidan qiymati 2,5 mlrd. so`m bo`lgan tikuvchilik fabrikasi tashkil etish belgilangan edi.

5 oy muddatda bino qayta rekonstruksiya qilinib, 500 ta ish o`rni va yiliga 18 ming dona trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega fabrika qurib bitkazildi.
Hozirda 350 nafarga yaqin xotin-qizlar mehnat qilib kelmoqda. Mazkur loyiha 2021 yil yakuniga qadar to`liq ishga tushishi nazarda tutilgan. Loyiha tashabbuskorining sa`y-harakati bilan shu yilning noyabr oyidan boshlab bosqichma-bosqich ishga tushirilmoqda.
Korxonada ishlab chiqarilgan tikuv-trikotaj mahsulotlari Italiya, Rossiya, Chexiya, Belarus va Qozog`istonga eksport qilinishi rejalashtirilgan.
“Stello moda” MChJ tomonidan kelgusida shu o`z hududda qo`shimcha 100 ish o`rinli tikuv sexi qurishni ham nazarda tutilgan va buning uchun amaliy ishlar boshlangan.
Shundan so`ng Senat Raisi “Boyovut texno klaster” MChJ tomonidan barpo etilayotgan ip kalava ishlab chiqarish fabrikasi faoliyati bilan tanishdi.
Boyovut tumanida 2020 yil 32 ming tonnadan oshiq paxta xom ashyosi etishtirildi. Yaqin yillargacha paxta xom ashyosi tola sifatida sotilgan.
.jpg)
Xom ashyodan tayyor mahsulotgacha bo`lgan siklni o`z ichiga oluvchi ishlab chiqarish zanjirini yaratish maqsadida tumandagi g`o`za parvarishlanadigan maydonlar Hukumat qarori asosida “Boyovut texno klaster” MChJga biriktirildi.
Etishtirilgan paxta hosilini tumanning o`zida qayta ishlab va tayyor mahsulot darajasiga etkazish yo`lida klaster tomonidan amaliy ishlarga qo`l urildi. Umumiy qiymati 20,0 mln. AQSh dollariga teng ip yigiruv fabrikasi qurilishi 2020 yilning iyul oyida boshlandi. Loyiha amalga oshishi bilan 900 ta yangi ish o`rinlari yaratiladi.
Korxona faoliyatini boshlagach birinchi yilda ishlab chiqarilgan mahsulotning 70 foizini eksportga yo`naltirish rejalashtirilgan.
Loyihaning ikkinchi bosqichida ip-kalavadan mato ishlab chiqarish, uchinchi bosqichida esa matoga rang berish va gul bosish sexlari ishga tushiriladi.
Boyovut tumanining markazidan oqib o`tuvchi Janubiy Mirzacho`l kanali qirg`og`ida zamonaviy ko`rinishdagi maydon barpo qilindi.

Maydonni yangitdan barpo etishdan obodonlashtirish va ko`kalamzorlashtirish ishlarini baxtli oila va nurli kelajagimiz timsoliga aylantirish bosh maqsad bo`lgan. Natijada ushbu maydon suv bo`yida o`zining zamonaviy me`moriy echimi bilan so`lim sayilgoh, mo``jaz ziyoratgohga aylandi.
Qolaversa, tuman hokimligi binosiga yaqin joylashgan hudud qaytadan rekonstruksiya qilinib, uning markazida yurtimiz bayrog`i o`rnatildi. Bunga qadar tuman markazida aholining madaniy hordiq chiqarishlari va oilaviy tashrif buyuriladigan sayilgoh yo`q edi. “Yurt bayrog`i” maydoni savdo majmualari, musiqiy favvora, yoshlar va nuroniylar maskanidan iborat ansambl tuman aholisining oilaviy tashrif buyurib, madaniy hordiq chiqaradigan sayilgohga aylanib ulgurdi.
Parlament yuqori palatasi Raisi T.Narbaeva mazkur hududlarni ham ko`zdan kechirib, aholiga qulaylik yaratish, ularning vaqtini maroqli o`tkazish uchun barcha sharoitlarni yaratish zarurligini ta`kidladi.
Shuningdek, Senat Raisi Sirdaryo tumanidagi 250 dan ortiq ayollar davlat vasiyligi asosida istiqomat qiladigan “Muruvvat” ayollar internatida bo`ldi. Imkoniyati cheklangan ayollar bilan suhbatlashib, ularga yaratilgan sharoitlarni ko`zdan kechirdi hamda sovg`alar ulashdi.
Shuning bilan Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbaevaning Sirdaryo viloyatiga tashrifi yakunlandi.






