Xorazm viloyati sog`liqni saqlash boshqarmasi tasarrufida keksalar va nogironlar, urush va mehnat faxriylari uchun “Urganch” sanatoriyasi faoliyat boshladi. Bu haqda viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
Uning ochilish tadbirida viloyat hokimligi, viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi mutasaddilari, keng jamoatchilik va OAV vakillari, sanatoriya jamoasi ishtirok etdi.
Tadbirda viloyat hokimi o`rinbosari San`at Salaev, viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi boshlig`ning o`rinbosari Sodiqjon Sodiqov, sanatoriya bosh shifokori Otaboy Otajonov va boshqalar so`zga chiqib, O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganligining 28 yilligi arafasida ushbu muassasaning faoliyat boshlashi xalqimiz uchun munosib tuhfa bo`lganini e`tirof qildilar. Keyingi yillarda mamlakatimizda aholi salomatligini mustahkamlash, nogironligi bo`lgan shaxslarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash, keksalarning hayot sifatini yaxshilashga alohida e`tibor qaratliayotganligi ta`kidlandi.
Ushbu sanatoriya O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 20 iyundagi “Protez-ortopediya buyumlari va reabilitasiya texnik vositalarini ishlab chiqarishni rivojlantirish hamda tibbiy-ijtimoiy muassasalarning moddiy-texnika bazasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to`g`risida” gi farmoni asosida tashkil qilindi.
Viloyat salomatlikni tiklash shifoxonasi negizida keksalar, nogironlar, urush va mehnat faxriylari sanatoriyasi tashkil qilish maqsadida muassasa hududida “Xorazm ta`minot qurilish” MChJ tomonidan rekonstruksiya va kapital ta`mirlash ishlari olib borildi.
Sanatoriyaning 60 o`ringa mo`ljallangan qismi 2020 yil 6 dekabrdan ishga tushirildi. Bu bir yilda viloyatimizda istiqomat qilayotgan 1600 nafardan ortiq pensioner va nogironligi bo`lgan shaxslarning sog`liqlarini tiklash imkoniyatini yaratdi.
Sanatoriyada 30 xildagi fizioterapiya muolajalari, suv bilan davolash, jismoniy mashg`ulotlar, sog`lom ovqatalanish yo`lga qo`yilmoqda. Sanatoriya hududida shifobaxsh yodli-bronli suv manbai mavjudligi bu erda dam oluvchilar sog`lig`ini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishi aniq.
Shuni ta`kidlash kerakki, sanatoriya hududida qurilish-ta`mirlash, binoni zamonaviy jihozlar bilan ta`minlash tadbirlari 2021 yilda ham davom etadi. O`rinlar sonini 100 taga etkazish, bir yilda 2800 nafar pensioner va nogironligi bo`lgan shaxslarni sog`lomlashtirish ko`zda tutilgan.






