AsosiyJamiyat

“Nega hamma senga qarayveradi?!” Arzimagan sabab bilan bir-biriga tan jarohati etkazish hollari nimaga ko`paymoqda?

'“Nega hamma senga qarayveradi?!” Arzimagan sabab bilan bir-biriga tan jarohati etkazish hollari nimaga ko`paymoqda?'ning rasmi

Yuz berayotgan qonunbuzarliklarga oid xabarlarni kuzatadigan bo`lsangiz, arzimagan sabablar bilan janjallashib, bir-biriga tan jarohati etkazish holatlari ortganligini sezasiz.  Bir qator shunday holatlar haqida Postda xabar berdi.

Jumladan Jizzax viloyati Do`stlik tumani Saritepa mahallasida yashovchi Sh.S. turmush o`rtog`i Sh.N.ni “Nega odamlar senga qarayveradi”, deya qo`li bilan yuziga urib, tan jarohati etkazgan. Ayol viloyatning Paxtakor tumanidagi tibbiyot birlashmasida birinchi tibbiy yordam olgan.

Xuddi shunday, Do`stlik tumanining «Manas» mahalla fuqarolar yig`ini hududida yashovchi M.O. o`zi singari kirakashlik faoliyati bilan shug`ullanuvchi hamqishlog`i R.O`.ga tan jarohati etkazdi. Zo`ravonga hamqishlog`ining u olib ketmoqchi bo`lgan yo`lovchilarni “ilib ketgani” yoqmagan.

Shuningdek, viloyatning Paxtakor tumani Bog`ishamol mahallasida yashovchi B.Q.ni qo`shnisi N.S. do`pposladi. N.S.ning bildirishicha, onasini uyatli so`zlar bilan haqorat qilganligi uchun hamsoyasini jazolagan. Jabrlanuvchi bosh miya chayqalishi, ikkala ko`z orbital sohasi, o`ng yuz yumshoq to`qimalari lat eyishi tashxisi bilan tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizildi.

Forish tumanining Uchquloch mahallasida yashovchi Sh.M.ga hamqishlog`i A.I.ning gap qaytargani yoqmagan. Kelishmovchilik A.I.ning bosh miya chayqalashi tashxisi bilan tuman tibbiyot birlashmasiga yotqilishi bilan nihoyalandi. Tabiiyki, ushbu holatlar yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Qisqasi, kimdir o`zini bosganida, yana kimdir tiliga erk bermaganida, yana boshqa birov har qanday masalani kuch bilan hal qilish mumkinligiga ishonmaganida bu ko`rguligu tashvishlar yo`q edi. 

Xuddi shunday, hamqishlog`u mahalladoshlar hamda er-xotinning o`rtasidan oqibat qochmagan bo`larmidi?..    

    Boshqa yangiliklar