Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda sinf xonasida pirotexnika vositasini yondirib, atrofdagilarning xavfsizligiga raxna solayotgan yigit xaqida videolavha tarqaldi. Sinf xonasida yoshi ulug` o`qituvchi ham bo`lganiga qaramay, o`quvchi ustozini ham mensimay, pirotexnika vositasini portlatgan.
Tabiiyki, bu videotasvir ijtimoiy tarmoqlarda hamda aholi orasida turli bahs-munozaralarga sabab bo`ldi. Ushbu voqeaga munosabat bildirayotganlarning aksariyati salbiy fikr- mulohazalar bildirishdi.
Videolavha qaerda va kim tomondan olinganini aniqlash maqsadida Xalq ta`limi vazirligi matbuot kotibiga murojaat etilganda u ayni damda bu borada xech qanday ma`lumot yo`qligi ma`lum qildi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavhani ko`rgani va tasvirda o`quvchilar katta yoshdagi bolalar ekanligini aytib, ushbu masalada Oliy ta`lim vazirligi bilan bog`lanishimizni maslahat berdi.
Mavzu yuzasidan Zamon muxbiri Oliy ta`lim vazirligi bilan ham bog`langan. Vazirlik vakili ayni damda kollej va texnikumlarda hali o`qish boshlanmagani, faqatgina kasb-hunar kollejlarida darslar bo`layotganini aytib, voqeaga Oliy ta`lim vazirligining aloqasi yo`qligi aytgan.
Surishtiruvlarda voqea Farg`ona viloyati Bag`dod tumani Matqulobod qishlog`idagi 15-umumiy o`rta ta`lim maktabida sodir bo`lganligi aniqlangan. 11- sinf o`quvchisi Sherqo`ziev Jahongir G`anijon o`g`li tanaffus paytida o`qituvchi sinf xonasida bo`lishiga qaramay pirotexnika vositasini qo`llagan. Ushbu maktabda o`qituvchi bo`lib ishlab kelayotgan Maqsuda Jo`raeva quyidagi ma`lumotlarni berdi:
– Jahongir Sherqo`ziev tarbiyasi og`ir o`quvchi. Ikki yildan buyon darslarni muntazam qoldiradi. Dars qoldirish sababini aniqlashtirish maqsadida uyiga bir necha bor surishtirib borganimizda, onasi o`g`lining maktabga muntazam kelmasligidan xabari yo`qligini aytgan. Ammo aniqlashimizcha bola uydan “maktabga ketdim” deb chiqib ketib, o`qishga kelmay, ishlar ekan. Shuningdek, onasi turmush o`rtog`ining chet elda ekanligi, farzandini yolg`iz tarbiyalayotganini aytgan. O`quvchi maktabda juda ko`p tartibsizliklarga yo`l qo`yadi. O`qituvchilarni mensimaydi, ularga quloq solmaydi. Ikki yil oldin sobiq maktab direktor Ahrorjon Hotamovning ishdan haydalishiga aynan u sababchi bo`lgan.
15- umumta`lim maktabi sobiq direktori Ahrorjon Hotamov esa quyidagicha izoh berdi.
-Men ushbu maktabda uzoq yillar davomida direktor lavozimida ishlaganman. O`qish davomida Jahongir tomonidan bir necha bor yo`l qo`yilgan axloqsizliklarga guvoh bo`lganman. O`sha vaqtda mobil uyali telefon bilan maktabga kelish taqiqlangan edi. Undan mobil uyali telefonini olib qo`yganimda ichidan behayo tasvirlar ham chiqqan. O`sha vaqtda bolaning ota-onasi xorijda ishlashga ketgani uchun bolaning tarbiyasi bilan buvisi shug`ullanar edi. Maktab tomonidan bir necha bor tartibga chaqirilishiga qaramay, nojo`ya ishlar qilaverdi. Ikki yil oldin u menga nisbatan kurakda turmaydigan tuxmat qilib, ishdan olinishimga sabab bo`lgan. Bu tuhmatni ko`tarolmay bir necha bor jonimga qasd qilmoqchi ham bo`lganman.
Bo`lib o`tgan voqeaga ayni damda maktab direktori lavozimda faoliyat yuritib kelayotgan Muyassar Ismoilova ham izoh berdi:
–5 dekabr kuni to`rtinchi darsdan keyin bo`ladigan tanaffusda dars xonasida Sherqo`ziev Jahongir tomonidan shovqin ko`tarilgan. O`z dars soatini o`tib, sinf xonasidan chiqib ketgan ota tili o`qituvchisi Begali Murodov shovqinni eshitib, sinf xonasiga qaytib kirgan va o`quvchiga qattiq tanbeh bergan. O`quvchi tarbiyasi og`ir bo`lgani uchun tanbehdan noto`g`ri xulosa chiqargan va gap ko`tarolmay, pirotexnika vositasini yoqib yuborgan. Bu o`quvchi ichki ishlar profilaktikasi hisobida turadi. Ichki ishlar profilaktika inspektorlari bilan hamkorlikda bu o`quvchini tarbiyaga chaqirish masalasida muntazam shug`ullanamiz. Bolaning shu holga kelishiga ota-onasi ham sababchi, deb o`ylayman.
Ota-ona yillar davomida Rossiya davlatida ishlab yurishgani natijasida bola tarbiyasi e`tibordan chetda qolgan, bir so`z bilan aytganda, mas`uliyatsizlikka yo`l qo`yilgan. Xozirda pandemiya sabab ular xorijdan qaytib kelishgan, lekin endi bolaning tarbiyasi buzilib bo`lgan. Biz qo`limizdan kelgancha xamma chora-tadbirlarni ko`rmoqdamiz. Jamoatchilik, ota-ona va profilaktika inspektorlari bilan hamkorlikda tushuntirish ishlarini olib bormoqdamiz. Kelayotgan shanba kuni tuman xalq ta`limi bo`limi hamda ichki ishlar bilan hamkorlikda jamoatchilik orasida uning hulqini muhokama qilamiz.
– O`quvchi pirotexnika vositalari va yondirgich bilan kiraverishda nazoratdan qanday o`tgan?
–To`g`ri, ertalabki tekshiruv paytida har bir o`quvchi nazoratdan o`tadi. Lekin o`sha kuni o`quvchi darsga kech kelgan. Nazoratchilar darsdan qolmasin, deb tekshirmay o`tkazib yuborgan. Ha, eshik oldidagi nazoratchilar mas`uliyatsizlikka yo`l qo`yishgan. Pedagoglar jamoasida tekshiruv paytida bo`lgan barcha mas`ullarning yo`l qo`ygan xatolari ko`rib chiqildi, har biridan tushuntirish xati olindi.
O`zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga muvofiq bola o`z ota-onasi tomonidan tarbiyalanishi, o`z manfaatlari ta`minlanishi, har taraflama kamol topishi, insoniy qadr-qimmatlari hurmat qilinishi huquqiga ega ekanligi belgilab qo`yilgan. Shuningdek, har bir ota-onaning mas`uliyatini oshirish va oilaviy munosabatga nisbatan mas`uliyatsizlik bilan yondashgan ota-onalarga nisbatan O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining tegishli moddalariga binoan jazo choralari belgilab o`tilgan. Lekin shunga qaramay ota-onalar tomonidan mas`uliyatsizlikka yo`l qo`yib borilmoqda.
Bugun pul topaman, deb xorijga ishlashga ketayotgan, o`z farzandini e`tibordan chetdan qoldirib ketayotgan ota-onalarga bu voqea ibrat bo`ladi, degan umiddamiz. Zero, majburiyatlarini bajarmagan ota-ona xatosi uchun bola aziyat chekmasligi kerak. Xulosa esa o`zingizdan.






