O`zbekistonda zo`ravonlik qurbonlari bo`lgan ayollarning huquqlarini himoya qilish va ularga o`z vaqtida yordam berish uchun “Najot” mobil ilovasi ishlab chiqildi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar bermoqda.
Har yili 15 yoshdan 49 yoshgacha bo`lgan har beshinchi ayol va qiz zo`ravonlik qurboni bo`ladi. Ma`lumotlar pandemiya boshlanganidan keyin ayollar va qizlarga nisbatan zo`ravonlik tahdidi kuchayganligini ko`rsatmoqda. Karantin cheklovlari tufayli ko`plab zo`ravonlik qurbonlari o`z vaqtida etarli darajada yordam olmagan bo`lishi mumkin. O`zbekistonda 2020 yil yanvar-sentyabr oylarida zo`ravonlikdan jabrlangan shaxslarni reabilitasiya qilish va moslashtirish markazlariga 14 849 ta murojaat kelib tushdi.
COVID-19 inqirozining ayollar va qizlarga ta`sirini yumshatish va uzoq muddatli tiklanish ularga foyda keltirishini ta`minlash uchun BMT-Ayollar tashkiloti tezkor va maqsadli choralarni ishlab chiqdi. Asosiy chora-tadbirlardan biri gender zo`ravonligini, shu jumladan, oiladagi zo`ravonlik holatlarini yumshatish va kamaytirishdir.
BMTning “Gender asosidagi zo`ravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakatlar” kampaniyasi munosabati bilan Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi tomonidan Shvesiya hukumati ko`magi bilan amalga oshirilayotgan “Davlat boshqaruvida va ijtimoiy-siyosiy hayotda ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish” qo`shma loyiha doirasida asosiy maqsadi zo`ravonlik qurbonlarining huquqlarini himoya qilish va ularga o`z vaqtida yordam berishdan iborat bo`lgan “Najot” mobil ilovasi ishlab chiqildi.
Ilovaning bosh sahifasida favqulodda vaziyat uchun mo`ljallangan “Yordam tugmasi” mavjud. Agar foydalanuvchi oiladagi zo`ravonlik qurboniga aylangan bo`lsa, ushbu tugmani bosib, 3 soniyadan ko`proq ushlab turish kerak. “Najot” ilovasi qurbonning oilasiga yordam so`rab xabar jo`natadi va uning manziliga havola yuboradi.
“Yordam” tugmachasini ishlatish uchun “Yordam uchun kontaktlar” bo`limiga foydalanuvchi yaqinlarining kontaktlarini va yordam haqidagi xabarni qo`shishi kerak. Ilovada yordam uchun xabarga javob bera oladigan 5 tagacha yaqin kishilarning kontaktlarini qo`shish mumkin. Ushbu odamlarni ilova to`g`risida oldindan ogohlantirish tavsiya etiladi.
Shuningdek, foydalanuvchi, agar kerak bo`lsa, “Eng yaqin yordam markaziga xabar berish” parametrini tanlashi mumkin. Shunda foydalanuvchi uchun xavf to`g`risida xabar eng yaqin reabilitasiya markaziga yuboriladi.






