9 dekabr-Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni edi. Shu munosabat bilan Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish qo`mitasi tomonidan "O`zbekiston korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida: yutuqlar va muammolar" mavzusida davra suhbati bo`lib o`tdi. Bu haqda deputat Rasul Kusherbaev shaxsiy blogida yozib qoldirgan.
Tadbirda qatnashgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi vakillarining bildirishicha, 2021 yildan boshlab fuqarolar korrupsiya holatlari haqida Agentlikni xabardor qilish imkonini beruvchi maxsus mobil dastur ishga tushirilar ekan.
Ushbu vazifa Prezidentning shu yil 29 iyundagi PF 6013-sonli Farmonida belgilab berilgan edi.
Mobil dastur yordamida fuqarolar korrupsiya haqida mobil telefon orqali qulay va oson yo`l bilan murojaat yuborishlari mumkin bo`ladi.
Bu ijobiy harakat albatta. Biroq bunday murojaat yuborgan shaxsning shaxsi sir saqlanib, ta`qiblardan holi bo`lishiga to`liq kafolat ham kerak.






