Bugun, 9 dekabr kuni Oliy Majlis Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo`mitasining videokonferensaloqa tarzida majlisi bo`lib o`tdi. Unda O`zbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish, transport vazirliklari va Navoiy viloyati hokimligi tomonidan “2020 yil uchun O`zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to`g`risida”gi Qonuni ijro etilishi holati muhokama qilindi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Matbuot xizmati xabar qildi.
Majlisda Senat a`zolari, tegishli vazirliklar, hokimlik mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Dastlab O`zbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirligida “2020 yil uchun O`zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to`g`risida”gi Qonun ijrosi holatiga e`tibor qaratildi.

Prezidentning tegishli qaroriga asosan ko`p qavatli uylar oldidagi bolalar maydonchasini ta`mirlash va qurish, irrigasiya tizimini ta`mirlash, piyodalar yo`lakchasini betonlash hamda yoritish nuqtalarini ta`mirlash kabi tadbirlar uchun rejalashtirilgan 61,7 mlrd. so`mdan bajarilgan ish hajmiga ko`ra 34,9 mlrd. so`m, ya`ni 56,5 foiz mablag` o`zlashtirilgan.
Yo`l xo`jaligi tadbirlarini moliyalashtirish uchun joriy yilning 1 oktyabr holatiga 1 257,0 mlrd. so`m moliyalashtirilgan.
Mahalliy byudjet daromadlari bo`yicha 907,7 mlrd. so`m prognoz, 1035,9 mlrd. so`mga (114,1%) bajarilib, mahalliy byudjet ixtiyorida 128,2 mlrd. so`m mablag` qolgan.
Viloyat mahalliy byudjetining xarajatlar qismi rejasi 1321,1 mlrd.so`m bo`lib haqiqatda 1 290,3 mlrd.so`mga moliyalashtirilishi ta`minlanib, reja ko`rsatkichi 97,7 foizga ijro etilgan.

Hisobot davrida byudjet mablag`laridan foydalanishning holati bo`yicha o`tkazilgan 101 ta nazorat tadbirlaridan 66 tasida 1 710,9 mln. so`mlik noqonuniy xarajatlar aniqlangan.
Maktabgacha ta`lim tizimining 6 ta tashkilotida yo`l qo`yilgan 189,0 mln. so`mlik noqonuniy xarajatlarning 157,8 mln. so`mi byudjetga qaytarilgan.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimi tashkilotlari tomonidan 94,8 mln. so`mlik noqonuniy xarajatlarga yo`l qo`yilgan.
Majlisda Qonun talablariga binoan byudjet intizomini mustahkamlash, byudjet mablag`laridan oqilona va samarali foydalanish, byudjet jarayoni ishtirokchilarining mas`uliyati va javobgarligini oshirish, mablag`lar sarflanishi yuzasidan davlat moliyaviy nazoratini kuchaytirish vazifalariga e`tibor qaratish zarurligi ta`kidlandi.
Ko`rib chiqilgan masalalar yuzasidan Senat qo`mitasining tegishli qarorlari qabul qilindi, deyiladi xabarda.






