Bloger o. To`xtanazarov tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda ishtixon tumani qo`ng`irot qishlog`ida yashovchi voyaga etmagan bolalarga tan jarohatlari etkazganligi to`g`risidagi maqola yuzasidan rasmiy bayonot berildi. O. To`xtanazarov 2020 yil 08 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Ishtixon tumani, Qo`ng`irot qishlog`ida yashovchi ayol o`zining farzandlarini otasiga tashlab, Turkiya davlatiga ketganligi, bolalarning otasi ularga azob berilayotganlik holatiga oid video tasvir va foto lavhalarni joylashtirgan.
Ishtixon tuman prokuraturasi va tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan olib borilgan surishtiruv davomida voyaga etmagan shaxslar Ishtixon tumani «Zartepa» MFY, Qo`ng`irot qishlog`ida yashovchi 2015 yilda tug`ilgan D.D. va 2016 yilda tug`ilgan D.N. ekanligi aniqlangan.
Xabar berilishicha, voyaga etmagan shaxslarning onasi Sh.V. 2019 yil aprel oyida farzandlarini turmush o`rtog`i B.A. qaramog`ida qoldirib, o`zi ishlash maqsadida Turkiya davlatining «Izmir» shahriga ketgan, farzandlari shu vaqtdan buyon otasi bilan birga istiqomat qilib kelishgan.
Joriy yilning oktyabr oyi oxirlarida voyaga etmagan D.D. yashash uyida gugurt bilan o`ynab, gilam va boshqa to`shamalarni yoqib yuborganligi oqibatida uning singlisi N.D. elka sohasidan kuyish tan jarohatlari olgan. Ushbu holatdan jahli chiqqan B.A. farzandlariga tanbeh bergan holda voqeani foto va videotasvirga olib “Ona mehriga zor bo`lib xo`rlangan bola” degan yozuv bilan turmush o`rtog`i Sh.V.ga «Telegram» messenjeri orqali yuborgan.
Hozirgi vaqtda mazkur holat yuzasidan Ishtixon tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Voyaga etmaganlarning tanasida tan jarohatlari mavjudligi va ular kelib chiqish mexanizmini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi o`tkazilib, farzandlarning otasi B.A. bilan profilaktik suhbat olib borilgan.
Olib borilayotgan tergovga qadar tekshiruv Ishtixon tuman prokuraturasi tomonidan alohida nazoratga olingan.






