AsosiyJamiyat

Xalq ta`limi vazirligi Parlament nazorat-tahlil tadbiriga jiddiy tayyorgarlik ko`rmagan — deputat

'Xalq ta`limi vazirligi Parlament nazorat-tahlil tadbiriga jiddiy tayyorgarlik ko`rmagan — deputat'ning rasmi

Xalq ta`limi vazirligi Parlament nazorat-tahlil tadbiriga jiddiy tayyorgarlik ko`rmagan, deya fikr bildirgan deputat Umidjon Jabborov.

 Bugun Qo`mitamizda xalq ta`limi tizimida tegishli yo`nalish bo`yicha olib borilayotgan ishlarni o`rganish yakuniga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazdik. Xalq ta`limi vazirligida ta`limni raqamlashtirish va axborot texnologiyalarini joriy etishdagi vazifalar ijrosi nazorat-tahlil tartibida muhokama qilindi. Ya`ni, maktablarni tezkor internet bilan ta`minlash, “onlayn maktab”, “elektron kundalik”, “elektron darslik”, “onlayn olimpiada”, “maktabga onlayn qabul” va shu kabi dolzarb masalalar.  

To`g`risi, tadbirdan deputatlar to`la qoniqish hosil qilmadik. Buning sabablarini shaxsiy fikrlarim orqali tushuntirishga harakat qilaman.  

Birinchi: Xalq ta`limi vaziri o`rinbosari, hurmatli R.Karimjonov shaxsan ishtirok etdi, bunisiga rahmat. Ammo, vazir o`rinbosari Parlament darajasidagi nazorat-tahlil tadbiriga xuddiki, ijro hokimiyati yig`ilishlaridagi kabi “ishtirokchilik kayfiyati” bilan qatnashdi. Umuman, XTV rahbariyati kun tartibiga bir tomonlama – “topshiriqlar bajarildi, ish tashkil qilindi” mazmunida yondoshdi. Aslida, vazirlikdan axborot emas, hisobot kutilgan edi.  

Kuni-kecha Konstitusiyaning 28 yillik sanasini nishonladik. Asosiy Qonunimizda hokimiyatlar bo`linishi, xususan, qonun chiqaruvchi va ijro hokimiyatlarining vakolat va majburiyatlari haqida aniq normalar belgilab qo`yilgan. (Gap ijro hokimiyatining Parlament oldidagi hisobdorligi haqida bormoqda). Lekin, bunga amalda mantiqan amal qilishni o`rganmas ekanmiz, natijadorlik qiyin bo`ladi. Xalqni, saylovchini esa shunchaki quruq gap-so`zlar qoniqtirmaydi.  

Ikkinchi: Qo`mita ishchi guruhi axboroti asosida tayyorlangan xulosada keltirilgan 7 ta aniq yo`nalishdagi kamchiliklar tahlili bo`yicha vazirlik tomonidan birma-bir munosabat bildirilmadi. Aksincha, “bunday qarash noto`g`ri”, “masala faqat bizga qo`yilmagan”, “qonunda shunday deb yozilgan” degan qarshi iboralar bilan vaziyatdan chiqishga urindilar. Deputatlar bergan savollarga esa javob berishga harakat qilindi, xolos. Javob o`rnida “birga ishlaymiz, qo`shimcha axborot beramiz” deyish bilan cheklandilar. Sababi, vazirlik Parlament nazorat-tahlil tadbiriga jiddiy tayyorgarlik ko`rmagan.  

Uchinchi: Aslida, xalq ta`limi juda katta va og`ir soha ekani, islohotlar faqat va faqat bitta vazirlik gardanida emasligini shundog`am yaxshi bilamiz. Biroq, davlat dasturlari, Prezident farmon-qarorlari loyihasi tayyorlanishida boshqa ijrochilar qatori Xalq ta`limi vazirligi ham o`z takliflarini taqdim etgan, ularning ijrosi bo`yicha ham vazirlikda hisob-kitob bo`lgani aniq-ku! Tadbirda o`rtaga tashlangan savollar esa Milliy ta`lim tizimini yaxshilashga qaratilgan kompleks tadbirlar ijrosida aynan Xalq ta`limi vazirligining tashabbuslari va shu yo`nalishdagi muammolar haqida edi. Afsuski, 12 savoldan 7 tasiga kutilgan javoblar o`rniga natija “uch nuqta” bo`ldi.  

Dangal aytganda, deputatdan shunchaki savol kutmang, u aniq hujjatdagi aniq masalaning ijrosini so`raydi, xolos. Deputatning vazifasi shu. Rahbarlarga buning nimasi yoqmaydi, hayronman.  

Xullas, nazorat-tahlil tadbiri yakunida Xalq ta`limi vazirligiga tegishli muddat berilib, masalalar echimi haqida qo`shimcha hisobot berish yuklatildi. Natijasi esa nazorat ostida bo`ladi.  

    Boshqa yangiliklar