Avval xabar qilganimizdek, bugun, 9 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida turizm va sport sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusi yildagi vazifalar muhokamasi yuzasidan videselektor yig`ilishi o`tkazildi.

Ta`kidlanishicha, “O`zbekiston bo`ylab sayohat qil!” nomli ichki turizm dasturi kelgusi yili izchil davom ettiriladi. Buning uchun Ro`za va Qurbon hayitlari, Navro`z, Mustaqillik kuni va Yangi yil bayramlari davrida qo`shimcha dam olish kunlari belgilanmoqda. Shuningdek, nomavsumiy sayohatlar uchun Ichki turizm oyligi, haftaligi va kunlari tashkil etiladi.
Prezidentimiz pandemiya sababli turizm sohasi uchun 2020 yil oxirigacha berilgan imtiyoz va preferensiyalarni 2021 yil oxiriga qadar uzaytirish, aholi uchun transport va mehmonxona xizmatlari bo`yicha chegirmalar berib, ichki turizmni ommaviy tashkil etish muhimligini ta`kidladi.
Videoselektor yig`ilishida turistik maskanlar va infratuzilma ob`ektlarini ko`paytirish masalasiga alohida to`xtalib o`tildi.
Toshkent viloyatining Bo`stonliq tumanida bu borada o`nlab loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Amirsoy” kurortining ikkinchi bosqichi, “Beldersoy-Chimyon-Nanay” xalqaro kurorti, “Xo`jakent” dor yo`li, 29 ta mehmonxona va dam olish maskanlari qurilmoqda.
Ushbu tajriba asosida kelgusi yilda turistik salohiyati yuqori bo`lgan 14 ta tuman, Xonobod va Angren shaharlarida turizmni jadal rivojlantirish dasturini amalga oshirish choralari belgilandi.
