AsosiyJamiyat

Qashqadaryoda kadastr hujjatlari rasmiylashtirilmagan ko`chmas mulk obektlari dronlar yordamida xatlovdan o`tkazilmoqda

'Qashqadaryoda kadastr hujjatlari rasmiylashtirilmagan ko`chmas mulk obektlari dronlar yordamida xatlovdan o`tkazilmoqda'ning rasmi

Qashqadaryo viloyati bo`yicha er hisobini yuritish va er uchastkalariga bo`lgan huquqlarni davlat ro`yxatidan o`tkazish ishlari qoniqarsiz olib borilgani sababli Davlat soliq qo`mitasi huzuridagi Kadastr agentligi Qashqadaryo viloyati hokimligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021 yil 1 martga qadar Qashqadaryo viloyatida kadastr hujjatlari rasmiylashtirilmagan ko`chmas mulk obektlarini xatlovdan o`tkazilmoqda. Buning uchun Uchuvchisiz uchish qurilmalari (dron)dan foydalanilmoqda.

Aytish kerakki, xatlovlar yakunida mavjud bino va inshootlar hamda er turlari, o`lchami, chegarasi va huquq egalari haqidagi barcha ma`lumotlar Kadastr agentligining onlayn geoportaliga kiritilishini tashkil etadi.

Shunday tartib o`rnatiladiki, unga muvofiq Qashqadaryo viloyatida 2020 yil 25 noyabrdan boshlab 2021 yil 1 martga qadar xatlov jarayonida ko`chmas mulk obektlariga yashil, sariq va qizil kadastr yig`majildini (pasportini) tayyorlash tizimi joriy etiladi.

Ko`chmas mulkka bo`lgan huquqlarni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo`lgan ko`chmas mulk obektlariga yashil kadastr yig`majildi (pasporti) tayyorlanadi.

Er uchastkasi, bino va inshootlarga bo`lgan mulk huquqi belgilangan tartibda davlat ro`yxatidan o`tkazilmagan ko`chmas mulk obektlariga sariq kadastr yig`majildi (pasporti) tayyorlanadi.

Huquqi belgilanmagan va er uchastkalaridan huquqni belgilovchi hujjatlarsiz foydalanilayotgan, o`zboshimchalik bilan qurilgan bino va inshootlarga qizil kadastr yig`majildi (pasportini) tayyorlanadi.

Ayni paytga qadar Qashqadaryo viloyatining 1 million 375 ming 114 gektar er maydoni xatlovdan o`tkazildi.  

Statistikaga ko`ra, xatlovdan o`tkazilgan er maydonlarida 333 ming 230 ta foydalanuvchilar haqidagi ma`lumotlar shakllantirilgan.

Shuningdek, 3 dekabr holatiga 3094 ta yangi obe`ktlar kadastr mutaxassislari tomonidan aniqlangan bo`lib, ular jami 397 gektar er maydonida joylashgan.

Xatlov yakuniga ko`ra, hudud infratuzilmasini o`z ichiga olgan  interaktiv elektron xarita yaratilishi belgilangan.

    Boshqa yangiliklar