AsosiyJamiyat

Tadbirkorlar yo`llarga kameralar o`rnatishi mumkin: bundan aholiga qanday foyda?

'Tadbirkorlar yo`llarga kameralar o`rnatishi mumkin: bundan aholiga qanday foyda?'ning rasmi

Avval xabar qilganimizdek, “Davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni jalb etish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident qaroriga ko`ra, yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash sohasida 2021 yil 1 martdan tadbirkorlarga avtomobil yo`llarida yo`l harakati qoidalari buzilganligini qayd etuvchi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video dasturiy-texnik vositalari o`rnatilishini tashkil etish huquqi beriladi.  

Adliya vaziriligi bu qaror nima uchun kerakligiga izoh berdi.

 Ma`lumotlarga ko`ra, bugungi kunda respublikamizda mavjud 551 ta kamera va radarlar orqali birgina 2019 yilning o`zida 760 mingta qoidabuzarliklar aniqlangan. 2019 yilda 8588 ta yo`l-transport hodisasi ro`y bergan va shu davrda 2096 nafar inson YTH oqibatida hayotdan ko`z yumgan. Bu – yiliga mingdan ortiq inson yo`llarda halok bo`ldi degani.

Ma`lumot uchun: yo`llarga tezlikni nazorat qiluvchi kameralar o`rnatilishi oqibatida o`limga olib keladigan YTHlar soni butun dunyoda 11–44 foizga kamaygan!

YTH tufayli insonlarning jarohat olishi esa 8–50 foizgacha tushgan.

" - Hozir asosiy maqsad, mana shu qora statistika ko`rsatkichlarini kamaytirish, yo`llarni to`liq nazoratga olish va buni zamonaviy axborot texnologiyalari orqali optimal, kamxarajat, yuqori samarali tarzda amalga oshirishdan iborat.

Biroq hamma yo`llarni, chorrahalarni kamera va radarlar bilan qamrab olish katta mablag`ni talab qiladi va byudjet buncha yukni ko`tara olmaydi. O`zi dunyoda ushbu sohaning xususiy sektorga berilishi amaliyoti keng tarqalgan.

Uzoqqa bormaylik, qo`shni Qozog`istonning Olma-ota shahri yo`llarida

2020 yil 1 yanvardan boshlab davlat-xususiy sheriklik asosida foto va video orqali qoidabuzarliklarni qayd etish va tahlil qilish “Sergek” loyihasi joriy etildi. Rossiyada esa ushbu turdagi xizmatlarni amalga oshiruvchi “MVS grupp” xususiy kompaniyasi tomonidan konsessiya shartnomasi asosida amalga oshirilgan ishlar natijasida avariya holatlari soni 15-30 % gacha kamaygan", deyiladi vazirlik xabarida.

 

Adliya vazirligi Huquqiy targ`ibot va ma`rifat boshqarmasi boshlig`i Shoxidaxon YuLDAShEVA, tadbirkorlarga yo`l harakati qoidalari buzilganligini qayd etuvchi texnik uskunalarni o`rnatish huquqi berilishi 4ta afzalligini sanab o`tdi.

Birinchidan, barcha sohalarning davlat tomonidan tartibga solinishi bozor iqtisodiyotiga asoslangan, rivojlangan jamiyatlarga xos emas. Boshqaruvda davlat ishtirokini minimallashtirish, ayrim davlat funksiyalarini xususiy sektorga o`tkazish orqali davlatning ma`muriy ta`sirini qisqartirish va boshqaruvning bozor mexanizmlarini kengaytirish Ma`muriy islohotlar konsepsiyasida ham nazarda tutilgan.

Joriy etilayotgan tartib ushbu maqsadga muvofiq, uning mantiqiy taqozosi sifatida ko`riladi.

Albatta, foto va video dasturiy-texnik vositalarini o`rnatish huquqi tadbirkorlarga berilsa-da, uning ustidan davlat nazorati saqlanib qoladi.

Oddiy qilib aytganda, texnika tadbirkorniki xolos, jarima solish tartibi, miqdori, to`lash, undirish va hokazo mana shunday ma`muriy proseduralar davlat nazoratida saqlanib qoladi.

Ikkinchidan, byudjet mablag`lari tejaladi hamda byudjetga qo`shimcha manbalar yaratiladi.

Yuqorida qayd etilganidek, yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash maqsadida barcha hududlarda foto va video dasturiy-texnik vositalarini o`rnatish davlat byudjetidan ulkan mablag`lar talab qiladi. Qolaversa, yo`llarni nazorat qiluvchi YPX xodimlarining oylik maoshi, ijtimoiy ta`minoti ham byudjetga arzonga tushmaydi. Bu esa o`z-o`zidan boshqa sohalarning rivojlanishiga salbiy ta`sir o`tkazadi.

Mazkur sohani xususiylashtirish natijasida esa davlat byudjeti xarajatlari kamayib, daromadi ortadi. Xususan, kelgusida 190 ta tuman va shaharlarda jami 3 356 ta intellektual videokameralar hamda 763 ta stasionar radarlar o`rnatilishi rejalashtirilgan. Mazkur vositalar yordamida aniqlangan huquqbuzarliklar natijasida to`plangan jarimalarning bir qismi davlat byudjetiga yo`naltiriladi.

Uchinchidan, sohada korrupsiya holatlari kamayadi, chunki inson omili deyarli bo`lmaydi. Ya`ni YPX xodimi hamda haydovchilarning o`zaro muloqotda bo`lmasligi oqibatida, ushbu sohadagi korrupsiyaga barham beriladi. Jarimalar bo`yicha to`plangan mablag`lar ayrim xodimlarning emas, jamiyat manfaatlari yo`lida sarflanadi.

To`rtinchidan, har bir texnik qurilma dislokasiyasi aniq belgilangan bo`lib, tadbirkor istagan joyiga uni o`rnatib ketolmaydi. Bu joylar shaffof tarzda elektron auksionda sotiladi. Texnik vosita qayd etgan ma`lumotlar, onlayn rejimida to`g`ridan-to`g`ri YPX markaziy axborot bazasiga kelib tushadi. Ya`ni ma`lumotlarga inson aralashuvi bilan o`zgartirish kiritish yoki jarayonga boshqa tarzda ta`sir o`tkazish imkoni yo`q.

Beshinchidan, eng muhimi, yo`llarda YTH kamayadi, harakat ishtirokchilarida yo`lovchilik va haydovchilik madaniyati ortadi, o`lim va jarohatlar ko`rsatkichi tushadi.

Xulosa qilib aytadigan bo`lsak, ko`zda tutilayotgan ushbu tartib bir tomondan zamon talabi va ehtiyoj bo`lsa, boshqa tomondan insonlar hayoti va sog`lig`ini, haydovchilarning mulkini asrashni nazarda tutuvchi echimdir. Qolaversa, ushbu tartib orqali tadbirkorlarga yangi imkoniyatlar yaratilishini ham e`tirof etish joiz.
 

    Boshqa yangiliklar