AsosiyJamiyat

​​Ijtimoiy ahamiyatga ega bo`lgan oziq-ovqat mahsulotlari narxining asossiz oshirilganiga guvoh bo`lsangiz, murojaat qiling – Bosh prokuratura

'​​Ijtimoiy ahamiyatga ega bo`lgan oziq-ovqat mahsulotlari narxining asossiz oshirilganiga guvoh bo`lsangiz, murojaat qiling – Bosh prokuratura'ning rasmi

Prezident tomonidan berilgan alohida topshiriqqa muvofiq, ijtimoiy ahamiyatga ega bo`lgan oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini manipulyasiya qilish, ularga bo`lgan sun`iy tanqislikni vujudga keltirishga qarshi kurashish orqali narxlarning barqarorligini ta`minlash borasida prokuratura organlari tomonidan barcha zaruriy choralar ko`rib kelinmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura Matbuot xizmati xabarida aytilgan.

Respublika dehqon bozorlariga prokuratura xodimlari biriktirilib, ular doimiy asosda narxlarning barqarorligini ta`minlash, ishlab chiqaruvchilarni dehqon bozorlariga to`sqinliksiz kirib kelishi hamda bu boradagi korrupsiyaga qarshi kurashish tadbirlari amalga oshirilmoqda. 

Narxlarni doimiy o`rganilishi natijalari bo`yicha narx oshishi ehtimoli yuqori bo`lgan hududlarga 220 ming tonna mahsulotlar keltirilib, narxlar mo``tadillashtirib borildi.

Shuningdek, dehqon bozorlarida 1 830 ta rasta va savdo nuqtadan iborat oziq-ovqat mahsulotlarining arzonlashtirilgan yarmarkalari tashkil etilib,  ularda mahsulotlar boshqa rastalarga nisbatan arzon sotilmoqda.

Ko`rilayotgan bu kabi choralar narxlarning asossiz o`sib ketishini oldini olishga xizmat qilmoqda.

Qish-bahor mavsumida zaxira tadbirlarini tashkil etishning moddiy asoslari yaratilib, tasdiqlangan grafikka muvofiq, mahalliy hokimliklar tomonidan bugungi kun holatiga 791,4 ming tn. yoki  rejaga nisbatan 99,6 % asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining zaxirasi jamg`arildi.

Aholiga qulaylik yaratish maqsadida kichik ekobozorlarni tashkil etish bo`yicha zarur er maydoni ajratilib, tarmoq jadvallariga muvofiq 10 dekabr holatiga ularning 363 tasi foydalanishga topshirildi.

Narxlarni asossiz oshirish holatlariga nisbatan o`tkazilgan tadbirlar natijasida mahsulotni qimmat sotilishining oldi olinib, jiddiy qonunbuzilish holatlari bo`yicha jinoyat ishlari qo`zg`atilmoqda.

Hozirda mahalliy hokimliklar bilan birgalikda Yangi yil bayrami arafasida arzonlashtirilgan mahsulotlar yarmarkasi o`tkaziladigan joylar belgilanib, dehqon-fermerlarni biriktirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining barqarorligini ta`minlash bo`yicha ishlar prokuratura organlari tomonidan alohida nazoratga olingan.

Yangi yil bayrami arafasida ijtimoiy ahamiyatga ega bo`lgan oziq-ovqat mahsulotlari taqchilligining vujudga kelmasligi hamda narxlarning mo``tadil saqlanishini ta`minlashga prokuratura organlari kafolat beradi.

Fuqarolar asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining asossiz ravishda oshirilish holatlariga, shuningdek ishlab chiqaruvchilar, fermerlar,  dehqon xo`jaliklari hamda tomorqa er egalari dehqon bozorlarida o`z mahsulotlarini sotishda turli to`siqlarga duch kelgan taqdirda Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning 71 233 10 07 raqamli ishonch telefoniga murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o`tamiz, deyiladi xabarda.

 

    Boshqa yangiliklar