AsosiyJamiyat

«Snos» masalasi yaqin yillardagi eng «boshog`riq» muammolardan biri bo`lib qoladiganga o`xshaydi — Rasul Kusherbaev

'«Snos» masalasi yaqin yillardagi eng «boshog`riq» muammolardan biri bo`lib qoladiganga o`xshaydi — Rasul Kusherbaev'ning rasmi

«Snos»ga qarshi moratoriy eng to`g`ri yo`l, deya fikr bildirmoqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbaev. 

"Afsuski, kompensasiyani qoplash uchun mablag` bor yoki yo`q ekanligiga qaramay «ura-ura»chilik oqibatida qisqa vaqt ichida qo`plab xususiy mulklarga zarar etkazildi, ayrimlarda xususiy mulk daxlsizligiga bo`lgan ishonch sindi va sinmoqda.  

Bugun esa etkazilgan zararlarni qoplash o`lganning ustiga tepgandek ko`pgina rejalarning to`xtab qolishiga ham sabab bo`layapti. Ayniqsa,  rivojlanishning asosiy kafolati bo`lgan investisiya jalb etish masalasi hammasidan ham havotirli.  

Birovning peshona teri bilan qurgan joyini asossiz, roziliksiz buzishni hech narsa bilan oqlab bo`lmaydi. Bunga yo`l qo`yish zulm bilan barobar, zulm esa yomon…

Shu yilning 18 dekabr kuni soat 15.00da Uchtepa tumanlararo sudida «snos» bilan bog`liq yana bir sud ishi ko`rib chiqilar ekan.

Fuqaro S.Nogay Shayxontoxur tumanidagi Navoiy ko`chasida joylashgan 125 kv.m do`koni buzib tashlanganligi uchun Toshkent shahar hokimiyatidan bir milliard ikki yuz million so`m zarar undirishni so`ramoqda.  (https://t.me/muxbir1/8994)

Ishni sobiq deputat, ayni paytda Fuqarolik ishlari bo`yicha Uchtepa tumanlararo sudi sud`yasi N.Murodov ko`rib chiqishi belgilangan.

Bunday ishlarni ko`rib chiqish osonmas. Ayniqsa, haligacha ijro hokimiyati tizimida har qanday hokimiyatga ta`sir ko`rsatish imkoniyatlari saqlanib qolayotgan bir paytda, katta miqdordagi mablag`ni fuqaroga undirib berish masalasini hal etish sud`yadan ham professional bilim, malaka va jur`at talab qiladi.

Biroq nima bo`lganda ham biz jarayonning ta`sirlardan holi, mustaqil va adolatli hal etilishi tarafdorimiz va voqealar rivojini  kutamiz.

Shu bilan birga investisiya jalb etishda xususiy mulk daxlsizligini ta`minlash eng muhim talab ekanligi va asosiy ish o`rni yaratuvchi, soliq to`lovchilar ham xususiy mulk egalari bo`lgan tadbirkorlar hissasiga to`g`ri kelishini inobatga olsak, aynan «snos» masalasida ma`lum muddatga moratoriy e`lon qilish ayni paytda muammoni echishning to`g`ri yo`li ekanligini ko`rsatmoqda.  

Toki moratoriy bo`lmas ekan joylar alohida guruhlarning manfaati uchun buzilishi, erlar asossiz olib qo`yilishda davom etaverishi mumkin.

«Snos»ga qarshi moratoriy ayrim joylarda xususiy mulk daxlsizligi nima ekanligini tushunmaydigan, Konstitusiya va qonunlardagi talablardan chuqur xabardor bo`lmagan faol «ijrochi»larning qaernidir buzib, erni olib qo`yaman, degan fikridan voz kechib, shu yurt kelajagi uchun o`z harakatlarini o`ylab ko`rishga undagan, fuqarolarda esa ishonch uyg`otib, investisiya ishtiyoqini oshirgan bo`lar edi.

Biz nafaqat qog`ozda balki amalda ham xususiy mulk daxlsizligi ta`minlangan, turmushi farovon, Konstitusiyasi ustuvor jamiyatda yashashni istaymiz xolos.

Yashasin mulk daxlsizligi, yashasin Konstitusiya", deb yozib qoldirgan deputat.

    Boshqa yangiliklar